Kun.uz tahririyati ixtiyoriga 24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri I.Majidov tomonidan imzolangan va vazirlik tasarrufidagi barcha oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'lim muassasalari va tashkilotlar rahbarlariga yo‘llangan xat kelib tushdi.

Xatda professor-o‘qituvchilarning maqomi va obro‘sini oshirish maqsadida ularning turli nazorat organlari tomonidan tekshirilishini cheklash, turli taalluqli bo‘lmagan yig‘ilishlarda ishtirok etish, obuna kampaniyalariga va vakolatlari doirasidan tashqaridagi boshqa ishlarga jalb qilish mamlakat rahbariyati tomonidan taqiqlangani eslatib o‘tilgan.

Shunga qaramay, ayrim oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida ta'lim tizimi xodimlarining va ularda tahsil olayotgan talabalarning huquqlari buzilishi holatlari hanuzgacha mavjudligi amalga oshirilayotgan islohotlarga zid, deyilgan.

Xususan:

·       Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan majburiy obuna taqiqlanganiga qaramasdan, ayrim oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida turli nashrlarga majburiy obuna tashkil etish va pul yig‘ish harakatlari;

·       Vazirlar Mahkamasi qarorlaridan tashqari asoslarda tashkil etiladigan hasharlarga professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talabalarni jalb etish;

·       Ta'lim muassasalarida tashkil etilgan sport klublarini saqlash uchun talabalardan turli yig‘imlarni amalga oshirish kabi yuz berayotgan noqonuniy harakatlar ommaviy axborot vositalari va fuqarolar murojaatlari orqali vazirlikka yetib kelayotgani qayd etilgan.

Shu munosabat bilan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri I.Majidov o‘z xatida quyidagi talablarni ilgari suradi:

1.    Yuqorida ta'kidlab o‘tilgan masalalarni oliy ta'lim muassasasi va uning quyi ta'lim muassasalari (malaka oshirish markazlari va akademik litseylar) faollari ishtirokida muhokama qilish;

2.    Ta'lim muassasalarida mehnat qilayotgan xodimlarni majburiy obuna qilish va pul yig‘ish, Vazirlar Mahkamasi qarorlaridan tashqari asoslarda tashkil etiladigan hasharlarga jalb etish va har qanday asossiz oylik maoshidan ushlab qolishlar, turli tadbirlarni (o‘quv, ilmiy, sport, madaniy va boshqa) tashkil etish uchun talabalardan pul yig‘imlarni amalga oshirish man etiladi.

3.    Noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ygan mutasaddi xodimlarga nisbatan qat'iy choralar ko‘rilishi yuzasidan ogohlantirildi.