O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjyeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga byudjyet mo‘ljallari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Unda 2019 yilda to‘lanadigan soliq va majburiy to‘lovlarning miqdori belgilab berildi.

Qarorning yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarning soliqlar va majburiy to‘lovlariga bag‘ishlangan qismida quyidagilar keltirilgan:

8. 2019 yil 1 yanvardan shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:

kalendar yilida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi 100 million so‘mdan oshgan, biroq bir milliard so‘mdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar yagona soliq to‘lovini 4 foiz stavkada to‘lashga o‘tkaziladi;

kalendar yilida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi 100 million so‘mdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat'iy belgilangan soliqni hisoblash va to‘lash tartibi saqlab qolinadi;

kalendar yilida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumi bir milliard so‘mdan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan tartibda to‘laydi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi 2019 yil 1 fevralga qadar yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumni hisoblash va soliqlar to‘lash tartibini tasdiqlasin.

9. Quyidagilar:

a) 2019 yil 1 yanvardan:

bir vaqtning o‘zida mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun to‘lov haqini oyiga 2000 so‘mga pasaytirish hamda mablag‘larni 18-ilovaga muvofiq normativlarga asosan taqsimlagan holda ko‘rsatilgan xizmatlarning umumiy qiymatidan 15 foiz stavkada mobil aloqa xizmati uchun aksiz solig‘i;

bir vaqtning o‘zida polietilen granula bo‘yicha qo‘shimcha foyda solig‘ini bekor qilgan holda 25 foiz miqdoridagi polietilen granulalarga aksiz solig‘i;

b) 2019 yil 1 martdan qat'iy belgilangan soliq bilan bir qatorda advalor stavkaning kiritilishini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan sigaretalarga aksiz solig‘ining aralash stavkasi kiritilsin.

2019 yil 1 iyuldan alkogol va tamaki mahsulotlariga belgilangan stavkalarni qo‘shimcha ravishda 20 foizgacha oshirgan holda 2019 yil uchun aksiz solig‘iga tortiladigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan (ko‘rsatiladigan) tovarlarga (xizmatlarga) aksiz solig‘i stavkalari 19-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.