Sport | 08:20 / 29.12.2018
29045
3 daqiqa o‘qiladi

Osiyo Kubogi O‘zbekistonda uchta kanal orqali namoyish qilinadi

Foto: AFP

2019 yilning 5 yanvar - 1 fevral kunlari Birlashgan Arab Amirliklarida Osiyo Kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tadi. 

Unda Ektor Kuper boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham ishtirok etadi. 

O‘FA xabariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi barcha o‘yinlarni namoyish qilishni rejalashtirgan. Bu haqda O‘FA matbuot xizmatiga «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov ma'lum qilgan. 

«Sport» telekanalining yaqin hamkori bo‘lgan Fransiyaning «Lagardère» kompaniyasi orqali Osiyo Kubogi musobaqasini translyatsiya qilish huquqi qo‘lga kiritildi. Ayni paytda mazkur musobaqani to‘liq ravishda muxlislar e'tiboriga havola qilish uchun katta hajmdagi ishlar olib borilmoqda. Yurtimizdagi muxlislar Osiyo Kubogidan o‘rin olgan barcha 51ta o‘yinni jonli efirda tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Guruh bosqichining 3-turidan o‘rin olgan parallel ravishda kechadigan o‘yinlar esa Milliy teleradiokompaniya tarkibiga kiruvchi «UzHD» yoki «Mahalla» telekanali orqali namoyish qilinadi. «Sport» telekanali sharhlovchilari mazkur turnirdan o‘rin olgan o‘yinlarni bevosita stadiondan turib sharhlab borishlari rejalashtirilgan. Faqatgina mazkur masalaning texnik yechimini kutyapmiz.

Muxlislarga qulaylik tug‘dirish maqsadida, jonli efirda namoyish qilingan o‘yinlar ertasi kuni soat 08:00dan boshlab yana takroran namoyish qilinadi. Bundan tashqari, har kuni «Osiyo Kubogi kundaligi» berib boriladi. Ushbu dasturda barcha o‘yinlarda urilgan gollar va e'tiborga molik vaziyatlar efirga uzatib boriladi. Shuningdek, «Sport» telekanali studiyasida Osiyo Kubogi musobaqasiga bag‘ishlangan dasturlar tashkil qilinib, unda mutaxassislar o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishadi. Xullas, O‘zbekistondagi muxlislarni Osiyo Kubogi musobaqasi muhitiga olib kirish uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilamiz», - dedi Zohid Karimov.

Mavzuga oid