2019 yil kirib kelishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga yangi yil tabrigini yo‘lladi. Prezidentning bayram tabrigi O‘zbekistonning barcha markaziy telekanallari orqali o‘qib eshittirildi. 

Qadrli vatandoshlar!

Muhtaram do‘stlar!

Mana shu hayajonli, fayzli damlarda jonajon O‘zbekistonimizga 2019 yil kirib kelmoqda.

Siz, azizlarni, ko‘p millatli xalqimizni Yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Barchangizga ulug‘ boylik bo‘lgan oilaviy baxt va salomatlik tilayman.

Aziz yurtdoshlar!

2018 yilda barcha sohalarda xalqimizning fidokorona mehnati evaziga katta o‘zgarishlarni amalga oshirdik.

Zamonaviy korxonalar, uy-joylar, yo‘llar, ko‘priklar qurildi. Ta'lim, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari barpo etildi.

Xorijiy davlatlar, avvalo, yaqin qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik yanada kuchaymoqda.

O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirish uchun salmoqli ishlar qilindi.

Buning natijasini bugun har bir inson va oila, har bir jamoa o‘z misolida ko‘rmoqda. Eng muhimi, odamlarimizning ertangi kunga ishonchi ortmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘tayotgan yil mamlakatimiz tarixida yorqin iz qoldirgan yil bo‘ldi.

Shu bois eski yilimizni shukronalik va rozilik bilan kuzatmoqdamiz.

Hurmatli do‘stlar!

Biz 2019 yilga Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili, deb nom berdik.

Faol investitsiyalar taraqqiyot uchun cheksiz imkoniyatlar eshigini ochadi.

Ijtimoiy rivojlanish esa xalqimiz turmush darajasi va sifatini keskin oshirishga xizmat qiladi.

Biz yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni, millatlar va fuqarolar o‘rtasida totuvlikni ta'minlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz. Xalq bilan muloqotni yuqori bosqichga olib chiqamiz.