Yangi yilning dastlabki kunlarida Angliya chempionatida 21-tur uchrashuvlari davom etdi. Turning markaziy uchrashuvi mavsum chempionligi uchun asosiy ikki da'vogar - «Manchester Siti» va «Liverpul» o‘rtasida kechdi.

«Manchester Siti» - «Liverpul» - 2:1 (1:0)
Gollar: Aguero, 40 (1:0). Roberto Firmino, 64 (1:1). Sane, 72 (2:1). 
«Manchester Siti»: Ederson, Stouns, Kompani (Otamendi, 88), Lyaport (Uoker, 86), Danilu, Bernardu Silva, Fernandinyu, Silva (Gundo‘g‘an, 65), Sterling, Aguero, Sane.
«Liverpul»: Alisson, Aleksandr-Arnold, Lovren, van Deyk, Robertson, Veynaldum (Starrij, 86), Henderson, Milner (Fabinyu, 57), Saloh, Roberto Firmino, Mane (Shaqiri, 77).
Ogohlantirishlar: Lovren, 20. Kompani, 31. Veynaldum, 38. Lyaport, 45+2. Bernardu Silva, 89. Ederson, 90+5. 
Hakam: Teylor.
3 yanvar. Manchester. «Etihad» stadioni.

Gvardiola vs Klopp

«Liverpul» safardan g‘alaba bilan qaytsa, «Manchester Siti» bilan oradagi farqni 10 ochkoga yetkazgan va Chempionlar ligasi pley-offida «Bavariya»ga qarshi kechadigan o‘yinga xotirjamlik bilan tayyorgarlik boshlashi mumkin bo‘lardi. 

Ikki jamoa muxlislarini qiziqtiradigan yana bir masala bor edi: Xosep Gvardiola Yurgen Kloppga qarshi o‘yinlardagi statistikasini yaxshilay oladimi? Shu vaqtgacha bu holat Klopp foydasiga 9:5 ko‘rinishida edi (yana ikki o‘yinda durang qayd etilgan). Oxirgi marta Gvardiola o‘zi uchun eng noqulay bo‘lgan Kloppni 2017 yilning sentyabrida mag‘lub etolgandi. O‘shanda birinchi bo‘lim o‘rtalarida mehmonlar hujumchisi Sadio Mane qizil kartochka olib maydonni tark etgan va «Siti» yakunda 5:1 hisobidagi g‘alabaga erishgandi. Shundan keyin ikki jamoa 5 marta uchrashdi, shundan 4tasida mersisaydliklar ustun keldi, beshinchi o‘yinda - joriy chempionatning birinchi davrasida kechgan o‘yinda golsiz durang qayd etildi.

Bunday tarix navbatdagi uchrashuv oldidan katta intriga hosil qilgandi. Gvardiola o‘yindan avvalgi matbuot anjumanida «Liverpul»ni Yevropaning eng kuchli jamoasi sifatida e'tirof etdi, Klopp ham «Manchester Siti» jahondagi eng yaxshi jamoalardan biri ekanini aytdi.

Texnologiya «Siti» foydasiga