O‘zbekiston | 10:22 / 05.01.2019
33361
2 daqiqa o‘qiladi

200 ming kishi xorijiy davlatlarda ishga joylashtiriladi

O‘zbekistonda ish o‘rinlarini tashkil etishni yanada rag‘batlantirish mexanizmlari joriy etiladi. Bu haqda 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida aytilgan.

Hujjatga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqiladi. Loyiha bilan 2019 yil uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat dasturi tasdiqlanadi.

Davlat dasturida:

davlat buyurtmasi mexanizmini joriy etish hisobiga iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub'yektlarida kamida 221,5 ming doimiy ish o‘rni yaratish bo‘yicha  loyihalarni amalga oshirish;

tijorat banklari tomonidan maqsadli dasturlarga muvofiq mikrokreditlash hisobiga 191,5 ming aholini tadbirkorlikka jalb qilish;

fuqarolarni tashkillashtirilgan holda xorijiy davlatlarda ishga joylashtirish orqali 200,4 ming aholini ish bilan ta'minlash;

bandlikka ko‘maklashish markazlari orqali 338,7 ming fuqaroni ish bilan ta'minlash;

kasbga o‘qitish, huquqiy va boshqa turdagi maslahatlar berish kabi ijtimoiy yordamning nomoliyaviy usullaridan keng foydalanish nazarda tutiladi.

Bajarish muddati - 2019 yil 30 yanvar, ijro uchun mas'ullar - Mehnat vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, tijorat banklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari.

Mavzuga oid