O‘zbekiston | 16:15 / 09.01.2019
14123
2 daqiqa o‘qiladi

Soliq qarzdorligini plastik kartadan so‘zsiz undirish huquqini beruvchi norma bekor qilindi

Foto: KUN.UZ

Soliq organlariga soliq qarzdorligini jismoniy shaxslarning plastik kartalaridan so‘zsiz hisobdan chiqarish huquqini beruvchi norma bekor qilindi, deb xabar bermoqda Norma.

O‘tgan yil iyun oyida davlat rahbari davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan. Uning bandlaridan birida soliqchilarga yuzaga kelgan soliq qarzdorligini soliq to‘lovchi-jismoniy shaxslarning plastik kartalariga xizmat ko‘rsatuvchi bank hisobvaraqlaridan so‘zsiz hisobdan chiqarish huquqi berilgan. Bunda hisobdan chiqariladigan summa oyiga 2 EKIHdan ko‘p bo‘lmasligi kerak.

Biroq norma amalda qo‘llanmadi:

birinchidan, rasmiy-yuridik nuqtai nazardan olganda, ushbu vakolat qonun hujjatlarida nazarda tutilishi kerak. Kam deganda, Soliq kodeksining 63-moddasiga tegishli tuzatishlar kiritish zarur edi. Biroq Kodeksga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar umumiy paketida ular aks etmadi.

Buning ustiga, ushbu vakolatni amalga oshirishning aniq mexanizmini ishlab chiqish va tasdiqlash talab etilar edi. Tegishli loyihani muhokamaga qo‘yib, bunga urinib ko‘rdilar. Muhokama davomida unga doir 57 ta fikr-mulohaza va taklif kelib tushganligi qisman hujjatning sifati haqida guvohlik beradi. 

ikkinchidan, soliq organlariga bunday vakolat berish g‘oyasining o‘zini nafaqat oddiy fuqarolar, balki hokimiyat vakillari ham ma'qullamadilar. Xususan, Markaziy bank idoraviy manfaatlar boshqa sohalar yoki umuman mamlakat iqtisodiyoti rivojiga salbiy ta'sir ko‘rsatmasligi kerak deya fikr bildirdi.

Ehtimol, ushbu omillar soliqchilarga qarzdorlikni so‘zsiz undirib olish huquqini bergan norma 2019 yil 1 yanvardan o‘z kuchini yo‘qotishiga xizmat qilgandir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq DSQda soliq qarzini plastik kartadan so‘zsiz undirish loyihasi uchun mas'ul bo‘lgan boshqarma boshlig‘i ishdan bo‘shatilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid