O‘zbekiston | 17:55 / 28.01.2019
16158
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ishlamayotgan ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va tashkilotlarning kanallari​ tashkil etiladi

Foto: Muhammed Selim Korkutata/Anadolu Agency/Getty Images

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmonida huquqiy targ‘ibotning innovatsion usullarini joriy qilish to‘g‘risida vazifalar belgilab berilgan. 

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Milliy huquqiy internet portali, turli hayotiy holatlar bo‘yicha huquqiy yechim taklif etiladigan va davlat xizmatlari ko‘rsatish elektron tizimi bilan bog‘lanadigan Advice.uz huquqiy axborot tizimi tashkil etilishi nazarda tutilgan. 

Shuningdek, internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda (Facebook, Telegram, Twitter, Youtube, Mytube.uz va h.k.) davlat organlari va tashkilotlarning kanallarini tashkil qilish va ushbu kanallarda veb-texnologiyalardan keng foydalangan holda soha faoliyati yo‘nalishlaridan kelib chiqib huquqiy targ‘ibot materiallarini joylab borish vazifasi belgilab berilgan. 

Ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarda e'lon qilish uchun materiallarni tayyorlash, joylashtirish va qayta aloqani ta'minlash bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqish masalasi ham ko‘rib chiqilishi kerak. 

Ammo O‘zbekistonda 5 oydan buyon davlat rahbari farmonida ta'kidlangan ijtimoiy tarmoqlarning ayrimlari, xususan Facebook va Youtube videoportali faoliyatida uzilishlar kuzatilmoqda. Amalda tarmoqqa ulanish imkoniyati umuman yo‘qolmagan. O‘zbekistonlik foydalanuvchilar faqat VPN ilovalari orqali ijtimoiy tarmoqqa ulanish imkoniyatini topmoqda. 

Kun.uz Adliya vazirligi va tegishli tashkilotlardan O‘zbekistonda ishlamay turgan internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda huquqiy targ‘ibot ishlari qanday tashkil etilishi bo‘yicha izohini so‘radi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ishlamay qolgan Facebook ijtimoiy tarmog‘i rahbariyati bilan aloqa o‘rnatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mamlakat tashqi siyosiy mahkamasiga murojaat qilgani haqida xabar berilgandi. ​

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid