Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Qarshi filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Qashqadaryo viloyati hokimligining Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Qarshi filialini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

qishloq va suv xo‘jaligida innovatsion resurstejamkor texnika va texnologiyalarni qo‘llash, yer va suv resurslarini boshqarish, geodeziya va geoinformatika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qishloq va suv xo‘jaligi ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va boshqaruv bo‘yicha zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan oliy ma'lumotli mutaxassis kadrlar tayyorlash;

o‘quv-laboratoriya bazasini ta'lim sohalarining davlat ta'lim standartlari va ta'lim yo‘nalishlarining malaka talablari darajasida modernizatsiyalash, o‘quv-me'yoriy hujjatlarini va uslubiy ta'minotni yetarli darajada shakllantirish, o‘quv va malakaviy amaliyotlarini zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari bilan uyg‘unlashtirish, ta'lim berish jarayonida nazariya va amaliyot birligini ta'minlash orqali bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish;

professor-o‘qituvchilarning kasbiy bilimi, axborot kommunikatsion va pedagogik texnologiyalarni o‘quv jarayoniga keng tatbiq qilish, pedagogik mahorati va ilmiy salohiyatini muntazam ravishda oshirish, xorijiy universitetlarda professor-o‘qituvchilarni malakasini oshirish va stajirovkalarini tashkil etishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;

fan, ta'lim va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta'minlash orqali manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish hamda ularning natijalarini amaliyotga joriy etish, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ilmiy-texnik vazifalarni hal etishga yo‘naltirilgan amaliy va innovatsion izlanishlarni amalga oshirish;

potensial ish beruvchi tashkilot va korxonalarni kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini muntazam ravishda o‘rganib borish orqali istiqbolda zamonaviy ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini belgilash, mutaxassislarni malakasini oshirish va Filial bitiruvchilarini o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga yo‘naltirish va ularning kasbiy faoliyati monitoringini tizimli tashkil etish.