Maqola avvalidan aytib qo‘yay, «Ozodlik» radiosi saytida e'lon qilingan xabardagi Yunusobod tumanidagi qurilish obektiga Discover Invest ishchilarining umuman aloqasi yo‘q. Avtoturargohning ham bu masalaga daxli yo‘q. Haqiqat esa quyidagicha.
Yunusobod tumanida joylashgan sobiq nashriyot-poligrafiya korxonasi binosida buzish ishlari davom etmoqda. 6 fevral kuni tushga yaqin obektga kirib bordim.


Ma'lum qilinishicha, ishchilar Discover Invest kompaniyasi bilan emas, balki Building site group MChJ bilan mehnat shartnomasini imzolagan bo‘lib, Building site group quruvchilari sifatida 2018 yilning avgust oyidan buyon demontaj ishlarini davom ettirmoqda. Ularning aytishicha, har kuni issiq ovqat tushga yetkazib beriladi, nonushta va kechki ovqat yotoqxonada tashkil etiladi. Men ham ularga sherik bo‘lib, bir piyola choy ustida suhbat qilishni lozim topdim.
«1 avgustdan beri ishlayman. Har 15 kunda maosh beriladi, aslida bir oylik haqim — 2,5 million so‘m. Bundan tashqari, o‘z istagim bilan qo‘shimcha ishlagan soatlarim uchun ham pul to‘lanadi. Masalan, katta ustalarning bir kunlik maoshi 86 ming so‘m, oddiy ishchiniki — 66 ming so‘m. Qancha ishlaganiga qarab, tabelga belgilab qo‘yiladi», — deydi ishchilardan biri. Haqiqatan suhbatimizni qizdirgan mavzu ishchilarning maoshi bo‘ldi.


Ularning ta'kidlashicha, xodimlar har qanday paytda dam olish huquqiga ega yoxud oilasini yo‘qlab kelishi mumkin. Odatda, bir oyda bir marta uyga borilayotgani bildirildi. Tabiiyki, o‘tkazib yuborilgan kunlarni qoplash maqsadida ishchilar qo‘shimcha soatlarda ishlab, maoshini ko‘paytirishni o‘ylaydi.
Chorshanba kuni Yunusoboddagi qurilish obektida ishlayotgan xodimlar tushligiga palov olib kelindi.
























