Shu oy 9 fevral kuni saytimizda “Quvada tadbirkor maktab stadioniga bino qursa bo‘laveradi(mi?) Xalq ta'limi vazirligi nega jim?” sarlavhasi ostida tanqidiy tahliliy maqola e'lon qilingan edi.  

Mazkur maqolada Farg‘ona viloyati Quva tumani Qorashoh mahallasidagi 44-umumiy ta'lim maktabi foydalanuvida bo‘lgan sport maydoni hududiga shu yerlik tadbirkor maishiy xizmat obektlari qurishni boshlagani va bundan ta'lim muassasi va mahalla ahli rozi bo‘lmay KUN.UZ saytiga murojaat qilgani bois o‘rganish natijalarini bayon qilgandik.

Qo‘qqisdan “Qosimov Sirojiddin chorvasi” a'zolari maktab stadioni oldida qurilish boshlaganida mahalla ahli hayron qolib, turli joylarga murojaat qila boshlaydi. To‘g‘risini aytish kerak, maktab ma'muriyati, MFY idorasi, mahalla aholisi tomondan yozilgan biror ariza yechim topmagan.

“Qosimov Sirojiddin chorvasi”  rahbari Inomjon Qosimov, stadion hududiga qurilish qilish uchun talab qilinadigan hujjatlariga ega ekanligini bildirgan.  

O‘z o‘rnida, maktab ma'muriyati va mahalla ahli “tadbirkor”ni nohaq deb topish uchun asos bo‘la oluvchi hujjatlarni taqdim etdi.

Yuqoridagi muammoli holat bo‘yicha yozilgan maqolada juda ko‘plab hujjatlardan nusxalar keltirgan edik.

Tahliliy material saytda chiqqanidan so‘ng bu masalaga Xalq ta'limi vazirligi o‘z munosabatini bildirdi.

Mazkur axborotda «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabridagi «Xalq ta'limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining 10-bandiga ko‘ra umumta'lim va maktabdan tashqari muassasalarning yer uchastkalari va ko‘chmas mulkini O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vaziri bilan kelishmasdan begonalashtirish taqiqlanadi.