O‘zbekiston milliy terma jamoasi mart oyidagi FIFA kunlarida Xitoyda tashkil etiladigan «China Cup» turnirida qatnashadi. Bugun musobaqa oldidan bosh murabbiy Ektor Kuper ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Tribuna.uz muxbiri.

«Tayyorgarlik uchun vaqtimiz juda kam bo‘ladi. Ixtiyorimizda 8 kungina vaqt bor. Turnirdan asosiy maqsad – o‘yinimizni kuchaytirish. Hozirgacha erishgan natijalarimizni mustahkamlab, xatolar ustida ishlaymiz. Lekin biz baribir har bir o‘yinda g‘alaba uchun maydonga tushamiz.

Tarkibimiz Osiyo Kubogidagi bilan deyarli bir xil. OTJdan ham ba'zi futbolchilarni chaqirishni niyat qilgandik, lekin ular shu oy Osiyo chempionati saralashida qatnashishadi», – deya dastlabki fikrlarini bildirdi argentinalik mutaxassis.

– O‘tgan davrdan qanday xulosalar chiqardingiz va terma jamoaga qanday o‘zgarishlar kiritmoqchisiz?
– Ham ijobiy, ham salbiy xulosalar chiqardim. Terma jamoa o‘yinida meni xursand qilgan jihatlar ham, salbiy tomonlar ham bor. Turnir oldidan katta o‘zgarishlar qilishga bizda vaqt yo‘q. Faqat ba'zi kichik detallarni o‘zgartirish orqali jamoa o‘yinini yaxshilashga harakat qilamiz. Urugvay bilan o‘yinda Avstraliyaga qarshi ko‘rsatgan o‘yinimizni namoyish etishimizni istayman, futbolchilar yana ham yaxshiroq o‘ynashlariga umid qilaman. Turnirga tayyorgarlik uchun deyarli vaqt qolmaydi, qisqa vaqt ichida mo‘jiza kutish yaramaydi. Faqat biz qilmoqchi bo‘lgan kichik o‘zgarishlar g‘alabamizni ta'minlashi mumkin.

Bilasizlar, murabbiylar vaqt yetishmovchiligi haqida juda ko‘p gapirishadi. Chunki biz ishlanmalarni mashg‘ulot davomida sinab ko‘rishimiz kerak. Birdaniga o‘zgartirish qila olmaymiz, avval mashg‘ulotlarda sinab ko‘rgandan keyingina o‘zgarishga qo‘l urishimiz mumkin. Masalan, Turkiyadagi yig‘in davomida bizda yetarlicha vaqt bo‘ldi va shuning uchun ham jamoa o‘yinida yaxshilanish bo‘ldi. Qisqa vaqtda bunga erishish qiyin masala.

– Osiyo Kubogida chempion bo‘lish uchun borayotganimizni aytgan edingiz, ammo nimchorak finaldan ortga qaytdik. Qolaversa, barcha terma jamoalar murabbiyida ham vaqt ana shunday kam – ularda ham faqat FIFA kunlarida yig‘ilishadi.
– Ay-ay-ay (xitob qiladi). Menga shartnoma taklif qilishganida, mening shartnomamda nima deb yozilgan, bilasizmi, biz – Jahon chempionatiga chiqishimiz kerak, deyilgan. Siz esa Osiyo Kubogini yutishimiz kerak, demoqdasiz. Menga, masalan, tarkib haqida, uni kelajakda yoshartirish haqida gapirishmagan. Futbolda kelajak degan gap yo‘q, biz hozir chiqishimiz va g‘alaba qozonishimiz kerak. Osiyo Kubogida 1/8 finalda yutqazdik, haqsiz, mening aybim, to‘g‘ri, yuta olmadik. Lekin bizning hozirgi maqsadimiz – Jahon chempionatiga chiqish.