Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Tibbiyot muassasalarida koxlear implantatsiya uchun bemorlarni tanlab olish va operatsiya o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan tibbiyot muassasalarida koxlear implantatsiya uchun bemorlarni tanlab olish va operatsiya o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi Nizom tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri (A.Q.Shodmonov)ga:

2019 yildan boshlab, bolalarda eshitish buzilishlarini erta tashxislash maqsadida tug‘ruqqa ko‘mak beruvchi muassasalarda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni skriningdan o‘tkazishni tashkil qilish;

karlik va eshitish zaifligi bo‘lgan bolalarni davolash va reabilitatsiya qilishda innovatsion texnologiyalarni joriy qilish va o‘rnatilgan tartibda jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan koxlear implantlarini xarid qilishni davom ettirish;

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi va Maktabgacha ta'lim vazirliklari bilan birgalikda koxlear implantlarni ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar hamkorligida Respublikaning barcha mintaqalarida karlik va eshitish zaifligi bo‘lgan bolalarni operatsiyadan keyingi reabilitatsiya qilish dasturini ishlab chiqish va tatbiq etishni tashkillashtirish vazifalari yuklatiladi.

Tibbiyot muassasalarida koxlear implantatsiya uchun bemorlarni tanlab olish va operatsiya o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, davlat budjeti mablag‘lari hisobiga koxlear implantatsiya operatsiyalari o‘tkaziladigan Muassasalarga quyidagilar kiradi:

Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy amaliy tibbiyot markazi;

koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazishga imkoniyati bo‘lgan Davlat va nodavlat tibbiyot markazlari.

Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga bolalarda bajarilgan koxlear implantatsiya operatsiyasidan keyingi reabilitatsiya tadbirlarini o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi va Maktabgacha ta'lim vazirliklari tomonidan ishlab chiqarilgan me'yoriy hujjatlar asosida amalga oshiriladi.

Koxlear implantatsiya operatsiyasi bemor bola 5 yoshga to‘lgunga qadar o‘tkazilganda ijobiy natija berishini hisobga olib, Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga xarid qilingan implantantlardan samarali foydalanish uchun ular 5 yoshga to‘lmagan bolalarga bepul taqdim etiladi.