Aholining «Tibbiy tez yordam» xizmatidan foydalanishi uchun keyingi yillarda juda ulkan islohotlar amalga oshirildi. Mashina parki tubdan yangilandi, qishloq vrachlik punktlari ta'mirlanmoqda, «tez yordam» mashinalarining olis qishloqlardan bo‘ladigan chaqiruvlarga ham zudlik bilan yetib borishi ta'minlanmoqda.

Biroq bu sharafli kasb egalari ahyon-ahyonda mast va huquqbuzar bemorlar, shuningdek, vafot etgan bemorlarning yaqinlari tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlar tarqalib turadi.

Kun.uz tahririyatiga Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida ro‘y bergan shunday bir voqea haqida xabar yetib keldi.

Qo‘shrabot tumanining Jo‘sh qishlog‘ida tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘limi faoliyat ko‘rsatmoqda. U yerda chaqiruv qilgan bemorlar oldiga o‘z vaqtida yetib borish uchun bir dona «Damas» avtomashinasi ajratilgan.

7 mart kuni kechasi soat 22:00-23:00 orasida Jo‘sh qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro R.O.dan chaqiruv kelib tushadi. Meditsina oliygohini yaqinda tamomlab, 2018 yilning noyabridan buyon umumiy amaliyot shifokori bo‘lib ishlayotgan va shu kuni navbatchilik qilayotgan M.K. feldsher va haydovchi Sh.P. bilan birgalikda (Kun.uz’ga ma'lum ism-familiyalar ayrim sabablarga ko‘ra oshkor etilmayapti) ko‘rsatilgan manzilga borishadi.

— R.O.ning o‘zi qo‘ng‘iroq qilib, mazasi bo‘lmayotganini aytib, gemodez degan dori xarid qilib kelishimizni buyurdi. Borganimizda uni mast holatda uchratdik. Qon bosimini o‘lchadik, boshqa simptomlarga ko‘zimiz tushmadi. «Mana shu dorini tomchilatib tomirimga jo‘natasizlar», deb bitta ampula berdi. Uy qop-qorong‘i edi. Men bunday qila olmasligimni, bu noma'lum dori ekanini aytdim. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan 34ta dori vositasi ichidan boshog‘riqni qoldiradiganini yozib berdim. Shunda u meni haqorat qilib urdi. Feldsher ajratishga harakat qildi. Juda yomon so‘zlar bilan haqoratladi. (Shifokor bo‘lib o‘tgan voqeaning audiosini uyali telefoniga to‘liq yozib olgan).

Shundan so‘ng, shovqin-suronni eshitib, R.O.ning yon qo‘shnisi va amakivachchasi T.O. ham uyga kirib keladi va feldsherni bo‘g‘ib oladi. «Hech qayerga ketmaysan, ertalabgacha mana shu yerda o‘tirasan», deyishadi. Shifokor va feldsher boshqa fuqarolardan ham chaqiriq bo‘lishi mumkinligi, ularga ham tibbiy xizmat ko‘rsatish kerakligini aytib, uyni tark etishadi va ko‘chada kutib turgan «Damas» tez yordam mashinasiga o‘tirishadi. «Bemor» R.O. ko‘chaga chiqib, shifokorning qo‘lidan dorilar solingan qutini yulib oladi. O‘zini esa mashinadan tortib tushirib, yana uyga sudrab olib kiradi. Bu vaqtda T.O. boshqa tomondan kelib, haydovchi Sh.P.ning ko‘ziga qattiq musht tushiradi.