Fan-texnika | 11:49 / 19.03.2019
11586
2 daqiqa o‘qiladi

Butun dunyo bo‘ylab Wi-Fi o‘tkazishni xohlayotgan startap 1,25 mlrd dollarlik investitsiyalarni jalb qildi

Foto: OneWeb

Britaniyaning OneWeb startapi 1,25 mlrd dollar miqdorida moliyalashtirishni jalb etdi, hozirda startapga investitsiyalar miqdori 3,4 milliard dollarni tashkil etadi. Bu haqda OneWeb Twitter’dagi sahifasida xabar berdi, deb yozmoqda Inc. Russia.

OneWeb’ning va'da qilishicha, 2021 yilga kelib simsiz internet mavjud bo‘lmagan joy Yerda qolmaydi. Kompaniyaga Yaponiyaning Softbank mediakorporatsiyasi, Meksikaning Grupo Salinas konglomerati, AQShdan venchur fondi va Ruanda hukumati investitsiya kiritdi.

28 fevral kuni «Soyuz-ST-B» raketa tashuvchisi Fransuz Gvianasidagi Kuru kosmodromidan Yer orbitasiga Britaniya kompaniyasiga tegishli oltita sun'iy yo‘ldoshni olib chiqdi. OneWeb «Soyuz» raketalarida Kuru, Boyqo‘ng‘ir hamda Vostochniy kosmodromlaridan 21ta sun'iy yo‘ldosh tizimini uchirish bo‘yicha shartnoma imzolagan. «Roskosmos» «UanVeb» MChJ qo‘shma korxonasida nazorat ulushiga (51%) egalik qiladi. Kutilishicha, Britaniya kompaniyasi Yer orbitasiga jami 900ta sun'iy yo‘ldosh uchiradi.

2019 yil oktabr oyidan boshlab OneWeb har oy 30ta sun'iy yo‘ldosh uchirishni rejalashtirmoqda, bu Yer orbitasida 650ta sun'iy yo‘ldoshdan iborat tarmoqni yaratish uchun kerak, deya xabar beradi Bloomberg. Sun'iy yo‘ldoshlar hamma joyni yuqori tezlikdagi internet bilan ta'minlaydi: samolyotlar va kruiz laynerlaridan maktablar, tez yordam markazlari hamda uylargacha.

Mavzuga oid