Jahon | 15:50 / 24.03.2019
21793
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda davlat kotibi, prezident yordamchisi va prezident ma'muriyati rahbari tayinlandi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev farmoni bilan Marat Tajin respublika davlat kotibi etib tayinlandi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Marat Tajin
Foto: TASS

58 yoshli Tajin turli yillarda Qozog‘istonning Rossiyadagi elchisi, respublika davlat kotibi, Qozog‘iston xavfsizlik kengashi kotibi lavozimlarida ishlagan.

Shuningdek, Murat Nurtleuov prezident yordamchisi etib tayinlandi. 43 yoshli Murat Nurtleuov turli yillarda Senat apparati rahbari o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri kotibiyati rahbari, tashqi ishlar vaziri maslahatchisi bo‘lib ishlagan.

Murat Nurtleuov
Foto: mfa.gov.kz

Bundan tashqari, prezident farmoni bilan Bakitjan Sag‘intayev Qozog‘iston prezidenti ma'muriyati rahbari etib tayinlandi. Prezident ma'muriyati rahbari sifatida ishlab kelgan Aset Isekeshev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.

Bakitjan Sag‘intayev
Foto: Forbes.kz

55 yoshli Sag‘intayev 2016 yil sentyabrdan 2019 yil fevralgacha Qozog‘iston bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. U tanqidga uchrab, bosh vazirlikdan olingach, keyingi bir oyga yaqin vaqt davomida respublika davlat kotibi lavozimida ishladi. U turli yillarda respublika bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, hududiy rivojlanish vaziri, iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri bo‘lib ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev 19 mart kuni iste'foga chiqdi. Saylovgacha Qozog‘iston prezidenti vazifasini parlament senati spikeri Qosim-Jomart Toqayev bajarib turadi.

Mavzuga oid