Jahon | 15:38 / 01.03.2019
19864
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonning tanqidga uchrab ishdan olingan sobiq bosh vaziri yangi lavozimga tayinlandi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘z farmoni bilan Bakitjan Sag‘intayevni respublika davlat kotibi lavozimiga tayinladi. Bu haqda Oqo‘rda saytida ma'lum qilindi.

«Sag‘intayev Bakitjan Abdirovich Qozog‘iston Respublikasi davlat kotibi etib tayinlansin», - deyiladi xabarda.

Bakitjan Sag‘intayev 1963 yilning 13 oktyabrida Jambil oblastida tug‘ilgan. 1985 yilda S.M. Kirov nomidagi Qozoq davlat universitetini tamomlagan, iqtisod fanlari nomzodi.

U 2008-2012 yillarda Pavlodar oblasti akimi (hokim) bo‘lgan. 2012-2013 yillarda Qozog‘iston Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri. 2013 yilning yanvaridan Qozog‘iston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. 2016 yil sentyabrida Qozog‘iston Respublikasi bosh vaziri etib tayinlangan. U 2019 yilning 21 fevralida prezident tomonidan iste'foga chiqarilgandi va o‘sha kuni Asqar Mamin yangi bosh vazirga aylangandi.

O‘sha kuni Qozog‘iston tarixida birinchi marta prezident Nursulton Nazarboyev bosh vazir, hukumat a'zolari, shuningdek, viloyatlar hokimlarini egallab turgan lavozimlaridan chetlashtirgandi. Elboshi o‘z murojaatida hukumatning ish faoliyatini keskin tanqid ostiga olgan, oxirgi vaqtlarda yuz berayotgan iqtisodiy turg‘unlik, ishsizlik, inflatsiya holatlari tilga olingandi.

27 fevral kuni Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev hukmron «Nur Otan» partiyasining XVIII qurultoyida nutq so‘zladi va yangi hukumatga topshiriqlar berdi.

 

 

Mavzuga oid