10:56 / 04.04.2019
39995

G‘ijduvonlik muallimaning o‘limiga daxldor vrach va noto‘g‘ri xulosa bergan ekspert ustidan sud boshlandi

Saytimizda bir muddat muqaddam «G‘ijduvonlik muallimaning sirli o‘limi: uning yaqinlari qotil(lar) jazolanishidan umidvor» sarlavhasi ostida Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida sirli alfozda vafot etgan o‘qituvchi G.Nuriddinovaning yaqinlari murojaati bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilgan edi.

Shundan keyin G.Nuriddinovaning o‘limida gumonlanib, shifokor S.X. ehtiyot shart sifatida qamoqqa olingan. Ayblov xulosasiga ko‘ra, S.X. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (shaxsning o‘z kasbiga nisbatan beparvoligi yoki insofsizlik bilan munosabatda bo‘lishi tufayli kasb yuzasidan o‘z vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi ehtiyotsizlik orqasida odam o‘lishiga sabab bo‘lishi), 134-moddasi (murdani tahqirlash), 186-moddasi 3-qismi (odam o‘lishiga sabab bo‘lgan xizmatlar ko‘rsatish) bilan ayblanmoqda.

Shuningdek, marhuma G.Nuriddinovaning jasadini yorib, o‘rgangan ekspert F.A. ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 238-moddasi 1-qismi (ekspertning bila turib yolg‘on xulosa berishi) bilan ayblanmoqda.

Mazkur jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tuman sudi yurituviga kelib tushgan. JIB Vobkent tuman sudi Mahmud Oripov Kun.uz muxbiriga shunday dedi:

— O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblanayotgan S.X. va F.A. ga doir jinoyat ishining tayyorlov qismini ko‘rib boshlagan edik. Biroq jabrlanuvchi tomonidan keltirilgan yozma raddiya hamda sudlanuvchi S.X.ning advokati tomonidan keltirilgan yozma raddiyalar muhokamaga qo‘yilib tinglandi hamda men — raislik qiluvchi M.Oripovga nisbatan ularning ishning xolisona, beg‘araz o‘tishini ta'minlash, boshqa sud tartibida ko‘rish, qolaversa sudlanuvchi F.A. bilan bitta qishloqda istiqomat qilishim sababli sud xolisona o‘tishiga to‘sqinliklar bo‘lishi ehtimoli yuzaga kelishi mumkin, degan fikrlar e'tiborga olinib, JPKning 76-, 80- hamda 426-moddalari tartibida, alohida xonada yozma ravishda ajrim qabul qilinib, sud majlisi ishtirokchilariga o‘qib eshittirildi. Ular tomonidan keltirilgan raddiya qanoatlantirildi. Sud mazkur jinoyat ishini ko‘rib chiqish va sudlov masalasini hal qilish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudiga yuborish bo‘yicha ajrim qabul qildi va taraflarga e'lon qilindi.

Kun.uz mazkur sud jarayonini kuzatishda davom etadi.

O‘z muxbirimiz.

Mavzuga oid
Top