O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 aprel kuni yoshlar ta'lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan 5ta tashabbusni amaliyotga joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Avval xabar qilinganidek, 19 mart kuni shu borada videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, birlamchi vazifalar belgilab berilgan edi. Ularga asosan har bir yo‘nalish bo‘yicha dasturlar loyihalari ishlab chiqildi. 

Yig‘ilishda mazkur dasturlarga kiritilgan takliflar, ularni amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilindi.

Xususan, birinchi tashabbus bo‘yicha yoshlarni madaniyat va san'at muassasalariga keng jalb etishga oid dastur loyihasi tayyorlangan. Unga muvofiq, 2019-2020 yillarda 14 dan 30 yoshgacha bo‘lgan 2 million nafar yoshlarni madaniyat va san'atga jalb etish bo‘yicha hududiy “yo‘l xarita”larini tasdiqlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, bolalar musiqa va san'at maktablarida qo‘shimcha sinflar, madaniyat markazlarida cholg‘u, xonandalik, tasviriy san'at to‘garaklari, havaskorlik teatr jamoalari va bolalar ansambllarini tashkil etish belgilangan. Yangidan quriladigan, rekonstruksiya va kapital ta'mirlanadigan hamda jihozlanadigan madaniyat markazlari manzilli ro‘yxati ham shakllantirilgan.

Davlatimiz rahbari dastur loyihasida tadbirlarni amalga oshirish mexanizmlari yetarli emasligi, har bir shahar va tumanga ijodiy maslahatchi sifatida biriktirilgan soha namoyandalarining amaliy vazifalari aniq belgilanmaganini qayd etdi. Hududiy “yo‘l xarita”lari ijrosini tizimli tashkil etish, to‘garak va sinflarga qamrab olingan bolalarni rag‘batlantirish, jumladan, har xil tanlovlar o‘tkazish zarurligini ta'kidladi. 

Belgilangan qurilish, rekonstruksiya va kapital ta'mirlash ishlari, shuningdek, madaniyat markazlari, musiqa va san'at maktablarini musiqa cholg‘ulari bilan ta'minlash uchun tegishli mablag‘ ajratish bo‘yicha topshiriq berildi.

Ikkinchi tashabbus yuzasidan tayyorlangan yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, sport inshootlari quvvatini oshirishga qaratilgan dastur loyihasida yaqin 2 yilda har bir tumanda yengil konstruksiyali, sendvich panelli kichik sport zallari qurish belgilangan. 

Prezident mavjud va yangi quriladigan sport inshootlariga aholi va yoshlarni kengroq jalb etish, ommaviy sport tadbirlarini o‘tkazishni ko‘paytirish kerakligini ta'kidladi.