O‘zbekiston | 13:44 / 06.04.2019
9203
3 daqiqa o‘qiladi

Xivada Prezident maktabi qurilishi boshlandi

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoevning “Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Xorazm viloyatining Xiva shahrida Prezident maktabi qurilishi boshlandi. 

Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yilda birinchi uchta maktab Nukus, Toshkent va Xivada ochilishi belgilangan edi. 2019 yilda Prezident maktabini Namangan shahrida ham qurish bo‘yicha qaror qabul qilindi. 2020-2021 yillar davomida mamlakatimizning boshqa viloyatlarida ham Prezident maktablari tashkil etiladi.

Prezident maktablariga qabul Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ta'lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasida belgilangan tartibda o‘tkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi. Maktabning yillik qabul kvotasi 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lib, ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi. Birinchi o‘quv yilida esa har bir Prezident maktabining 5-10-sinflariga jami 144 nafar o‘quvchi o‘qishga qabul qilinadi.

O‘quv jarayoni xorijiy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv reja va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida amalga oshiriladi va “STEAM - ta'lim” (Science - tabiiy fanlar, Technology - texnologiya, Engineering - texnik ijodkorlik, Art - san'at, Mathematics - matematika) dasturi asosida olib boriladi.

Prezident maktabining 9-11-sinflarida ta'lim olish o‘quvchilarning qiziqishlariga ko‘ra ayrim fanni tanlash va ularni o‘rganish darajasini inobatga olgan holda individual o‘quv jarayoni asosida amalga oshiriladi.

Prezident maktablari bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida xorijiy oliy o‘quv yurtlariga kirish imkonini beradi.

Kembrij Universitetining Cambridge Assessment International Education brendi ostida faoliyat yurituvchi Imtihon Kengashi Prezident maktablariga qabul imtihonlarini tashkil etishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning 7 mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida Prezident maktabining qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid