Sport | 15:23 / 07.04.2019
16010
2 daqiqa o‘qiladi

Ikrom Aliboyevning goli OChL tarixidagi eng chiroyli gol so‘rovnomasida ikkinchi bo‘ldi

OFK Osiyo Chempionlar Ligasi tarixidagi shu vaqtgacha urilgan eng chiroyli golni aniqlash borasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Bu so‘rovnomaning dastlabki bosqichlaridan qatnashib kelgan Ikrom Aliboyevning «Al Shabob» darvozasiga urgan goli finalgacha yetib kelgandi.

O‘ziga xos pley-off ko‘rinishida o‘tkazilgan so‘rovnomaning nimchorak finalida O‘zbekiston milliy jamoasi a'zosining «Lokomotiv» safida 2018 yil OChL guruh bosqichining 1-turida BAAning «Al Shabob» klubi darvozasiga urgan goli Denis Laktinovning golini «mag‘lub etgandi».

Pley-offning keyingi bosqichlarida Aliboyevning goli Paulino va Saud Xaririning golidan yaxshiroq deb topilib, finalga chiqdi. Finalda esa 160 mingdan ko‘proq ovoz bergan muxlislarning 77 foizi, ya'ni 127 mingdan ko‘prog‘i eronlik Andranik Temuryanning golini eng yaxshi deb topishdi. Shu tariqa Temuryanning 2013 yilgi OChL chorak finalida «Buriram Yunayted»ga urgan goli OChL tarixidagi eng chiroyli gol deb topildi. Aliboyevning goli so‘rovnomada ikkinchi bo‘ldi.

Ikrom Aliboyev 2018 yilgi OChL guruh bosqichining 1-turida «Al Shabob» darvozasiga maydon markazidan turib gol urgandi. Zarbadan oldin Aliboyev bir futbolchini chiroyli tarzda aldab o‘tishga ham ulgurgandi.

 

Mavzuga oid