Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mutasaddilar Xatirchidagi ko‘prik bo‘yicha tanqidiy maqolaga munosabat bildirishdi. Bu navbatdagi bajarilmas va'dami?
Kun.uz saytida joriy yilning 27 mart kuni «Xatirchida ko‘prikning abgor ahvolidan aholi aziyat chekmoqda. Muammoni kim hal qiladi?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.
Unda Navoiy viloyati, Xatirchi tumani «Guliston» mahallasidagi tuman markazi bilan bog‘laydigan ko‘prik ayni vaqtda yaroqsiz holatga kelib qolgani, shu tufayli qatnov to‘xtatilgani, bu holatdan aholi aziyat chekayotgani, mutasaddilar bu muammoni hal etish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmayotgani jurnalistik surishtiruv asosida yoritilgan edi.

O‘rganishimiz davomida mahalla aholisi o‘z e'tirozlarini bildirib o‘tgan edi: «Ayni vaqtda mahallamizdan tuman markaziga o‘tadigan ko‘prikda harakat to‘xtatilgan. 2000 yilda qurilgan ko‘prik yaroqsiz holatga kelib qolgan. Mahallamizga kirish yo‘li yopilgan. Bu tuman markaziga ishga, o‘qishga va turli yumushlar bilan boradigan aholiga turli noqulayliklar tug‘dirmoqda. Axir mahallamizda ikki yarim mingdan ziyod kishi yashaydi. Qolaversa, quyi tomonda yana bir nechta mahalla va qishloqlar bor. Hozir aylanma yo‘l orqali tuman markaziga qatnayapmiz. Ammo bu yo‘l umuman talabga javob bermaydigan loy ko‘cha. Qolaversa, katta ariq bo‘ylab o‘tgan bu aylanma yo‘lda xavfsizlik ta'minlanmagan. Yaqinda bir avtomobil ariqqa tushib ketdi. Yomg‘ir yoqqan vaqtda o‘nlab mashinalar loyga botib qoladi. Shu bois, transport vositalari tuman markazidan mahallaga kelishni istamaydi. Ko‘prikni qisqa vaqtda ta'mirlashning imkoni bo‘lmasa, shu aylanma yo‘lga shag‘al to‘kib, biroz bo‘lsa-da, ta'mirlab berishsa bo‘ladi-ku?! Axir, aholi bu aylanma yo‘ldan qatnashga juda qiynalmoqda».
Navoiy viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi ushbu tanqidiy maqola va mahalla aholisining e'tirozlari yuzasidan ma'lumot berdi.

«Maqolada ko‘rsatilgan ko‘prik Xatirchi tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi xizmat ko‘rsatuvchi 4r269 «Qovoq.q-Tinchlik.q-Mirdosh.q» avtomobil yo‘lining 1 kilometridagi sel yo‘li ustida joylashgan bo‘lib, yillik yog‘inlar natijasida hosil bo‘lgan sel oqimlari oqibatida tayanchlarda yoriqlar va cho‘kishlar hosil bo‘lgan.
Mazkur ko‘prik mutaxassislar tomonidan joyida o‘rganib chiqilib, transport harakati uchun yaroqsiz holatga kelib qolgani aniqlangan va Xatirchi tumani hokimining 2019 yil 23 yanvar kunidagi F-07-sonli farmoyishi asosida ko‘prik orqali harakat qatnovi to‘xtatilib,transport harakati vaqtinchalik aylanma yo‘l orqali tashkil etilgan.
Shuningdek, ushbu masala yuzasidan viloyat hududida kutilayotgan sel va suv toshqinlarini talofatsiz o‘tkazib yuborish viloyat tezkor shtabining dalolatnomasi tasdiqlangan. Ko‘prikni qayta tiklash ishlarini 2019 yil tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish manzilli dasturi asosida amalga oshirish uchun o‘rnatilgan tartibda Xatirchi tuman hokimining 2019 yil 20 martdagi Q-2130-sonli qarori asosida bosh loyihachi va bosh pudratchi tashkilotlar belgilangan.
Hozirda ko‘prikni qayta qurish ishlari bo‘yicha dastlabki manzilli dastur loyihasi tuzilib, Moliya vazirligi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga kelishish va tasdiqlash uchun taqdim etilgan. Mazkur manzilli dastur tasdiqlangandan keyin ko‘prik dasturda belgilangan muddatlarda ta'mirlanib, foydalanishga topshirilishini ma'lum qilamiz», – deyiladi Navoiy viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi vazifasini vaqtincha bajaruvchi E.Kamolov imzolagan ma'lumotnomada.
Biroq tahririyatimizga ushbu tuman aholisidan kelgan turli mazmundagi murojaatlarini o‘rganishimiz jarayonlarida Xatirchi tumani hokimi G‘.Aliyev va boshqa mutasaddilar tomonidan ko‘p martalab va'dalar berilgan. Ammo biror va'da shu vaqtgacha bajarilmagan.
Shu tufayli ayni vaqtda tuman aholisi, ayniqsa, tadbirkorlar va fermerlarning hokim va hokimlik mutasaddilaridan noroziligi kundan-kunga kuchayib bormoqda. Tumandagi fuqarolar, fermer va tadbirkorlar tomonidan bizga yo‘llanayotgan murojaatlar ko‘lamidan bu holat yaqqol ko‘rinib turibdi.
Kun.uz tuman hokimi, hokimlik va tumandagi tashkilotlar, mutasaddilar faqat va'da berib, aholining qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirmasdan va'dani bajarish, muammolarni hal qilish uchun chora-tadbirlarni ham amalga oshirishiga ishonch bildiradi.
Bu mavzuga yana qaytamiz.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
13:47 / 09.06.2026
Navoiyda Tico yuk mashinasi yo‘liga chiqib ketdi
08:53 / 05.06.2026
Tibbiyot birlashmasiga ishga kiritishni va’da qilgan tibbiyot xodimlari ushlandi
11:44 / 22.05.2026
“Talafotlar dron orqali o‘rganilyapti” – Navoiyda sel oqibatlari
18:48 / 21.05.2026