Ukraina Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda ovozlarning 90 foizi qayta ishlab chiqilgan va unga ko‘ra Zelenskiy 73,19 foiz ovoz to‘plagan, amaldagi prezident Pyotr Poroshenko esa 24,6 foiz ovoz olgan.
21 aprel kuni o‘tkazilgan saylovda ovoz berish jarayoni yakunlanganidan keyin Milliy ekzit-pol dastlabki natijalarni e'lon qilgan, unga ko‘ra Zelenskiy 73 foiz atrofida ovoz olib g‘olib bo‘lishi aytilgandi.
Zelenskiy o‘z shtabida g‘alabani nishonlashga ulgurgan.
UNIAN Vladimir Zelenskiyning shoumenlikdan siyosatchilikkacha bo‘lgan yo‘li haqidagi asosiy ma'lumotlarni to‘pladi.
Mutaxassisligi bo‘yicha atigi ikki oy ishlagan
Vladimir Zelenskiy 1978 yil 25 yanvarda Krivoy Rog shahrida dasturchi-matematik va muhandis oilasida tug‘ilgan. Bolaligida oilasi bilan to‘rt yil Mongoliyada yashagan va birinchi sinfni o‘sha yerda tamomlagan. So‘ngra oila Krivoy Rogga qaytgan va u ingliz tili chuqur o‘rgatiladigan maktabda tahsil olgan. 1995 yilda Kiyev milliy iqtisodiyot universitetining Krivoy Rog iqtisodiyot instituti yuridik ta'lim yo‘nalishini bitirgan. Mutaxassisligi bo‘yicha esa atigi ikki oy – amaliyot davrida ishlagan.
Shoumen Zelenskiyning yo‘li
Vladimir Zelenskiy KVN dagi ishtiroki tufayli 1990-yillarda tanila boshlagan. 1997 yilda Zelenskiy Denis Manjosov, Yuriy Krapov va Aleksandr Pikalov bilan "95-kvartal" jamoasini tashkil etganidan so‘ng uning yulduzli onlari boshlandi. Tez orada jamoa KVN oliy ligasiga chiqdi. 2003 yilda «95-kvartal» Aleksandr Maslyakovning "AMiK" ijodiy birlashmasi bilan kelisha olmay qoldi va Zelenskiy jamoasi KVNni tark etdi.
2005 yilda Ukraina telekanallaridan birida "Kechki kvartal" shousi start oldi. Tez orada dastur Ukraina TVsida reytingi eng yuqori dasturga aylandi. Keyinroq "Kvartal-95" studiyasi tashkil etildi. Zelenskiy hamkorlari bilan qator muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirdi.




















