Jahon | 10:40 / 24.04.2019
17236
3 daqiqa o‘qiladi

Imomali Rahmon internet uchun oshirilgan narxlarni bekor qildi. Tashabbuskorlarga chora ko‘rildi

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Monopoliyaga qarshilik xizmatining mobil aloqa va mobil internet uchun narxlarni oshirish bo‘yicha qarorini bekor qildi. Bu haqda Tojikiston prezidenti matbuot xizmati xabar bergan.

Prezident qaroriga ko‘ra, narxlar avvalgi holatiga qaytarilgan. 

«Bugun Tinchlik va milliy birlik asoschisi — millat peshvosi, Tojikiston Respublikasi prezidenti, hurmatli Imomali Rahmon internetdan foydalanish va mobil aloqa xizmatlari uchun narxlarni avvalgi holatiga qaytardi», deyiladi xabarda.

Shu bilan birgalikda mas'ul shaxslarga tegishli choralar ko‘rilgan.

Xususan, 23 aprel kuni internet uchun narxlarni oshirish tashabbuskori - Tojikiston hukumati qoshidagi Monopoliyaga qarshilik xizmati boshlig‘i Sa'diy Qodirzoda ishdan olinib, uning o‘rnini hukumat qoshidagi Standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va savdo inspeksiyasi rahbari o‘rinbosari Ikromiddin Valizoda egallagan.

Tojikistonda bir yarim oy oldin internet narxlarini 2,5-3 baravar oshirish bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlangandi. Bu loyiha mart oyi boshida e'lon qilingandi, mobil aloqa va internet uchun yangi tariflar 18 apreldan joriy qilindi. Narxlar deyarli ikki baravar oshgandi: avval 1 gigabayt uchun foydalanuvchilar 30-35 somoniy (3,5 dollar) to‘lashgan bo‘lsa, endi bu 63 somoniyga (6,7 dollar) ko‘tarilgandi.

Tojikiston Aloqa xizmati raisi Ilhom Atoyev esa bu o‘zgarishni ma'qullab, «Fuqarolar sog‘ligini o‘ylagan holda mobil aloqa va mobil internet narxi ikki baravar oshirilgani»ni qayd etib o‘tgandi.

Bu o‘zgarish internet foydalanuvchilarining keskin noroziligiga sabab bo‘lgan va jamoatchilik tashkilotlari e'tirozlar bildirgandi. Xususan, Tojikiston demokratik partiyasi rahbari, parlamentning quyi palatasi deputati Saidja'far Usmonzoda esa «Tochikiston» radiosi efirida internet uchun tariflarning oshirilishi fuqarolarni hukumatga qarshi kayfiyatga keltirishini aytib o‘tgandi. Osiyo taraqqiyot banki esa Tojikiston hukumatiga narxlarni tushirib, internet sifatini oshirishni tavsiya qildi. 

Mavzuga oid