Maqola sarlavhasini bejiz bunday nomlamadik. Murojaatlar asosida jurnalistik surishtiruvlar jarayonlarida aynan shunday holatlarga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Jumladan, Past Darg‘om tumani hokimiyati mutasaddilarining  ko‘zbo‘yamachiliklari va yolg‘onlaridan jabr chekkan nogironligi bo‘lgan Sevara Nurmurodovaning muammosi hamon ijobiy yechim topmayapti. Tuman hokimligi mutasaddilari faqat va'dalar bilan cheklanmoqda.

Sevara Nurmurodovaning takroriy murojaati asosida ushbu mavzuga yana qaytdik.

Aynan shu muammo yuzasidan 2018 yil 22 dekabr kuni «Nogironligi bo‘lgan ona yana aldanib qolmasin — Pastdarg‘omcha «fonogramma» «jonli ijro»ga aylanarmikan?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Unda Past Darg‘om tumanida yashovchi, ikki farzandning onasi, I guruh nogironligi bo‘lgan Sevara Nurmurodovaga Past Darg‘om tumani hokimligi tomonidan 2017 yil 24 dekabrda ikki xonali uy berilgani, lekin bu uy aslida boshqa fuqaroga tegishli bo‘lgani, endi uy tortib olinayotgani bayon etilgan edi.

Ma'lum bo‘lishicha, ayni vaqtda ikki nafar – 7 yoshli egizaklari Hasan-Husan bilan yashayotgan Sevara Nurmurodova 2016 yilda baxsiz hodisa tufayli umurtqa pog‘onasini jarohatlab olgan va yurish baxtidan bir umrga ayrilgan. U hozirda faqat nogironlik aravachasida harakatlana oladi. Shu tufayli turmush o‘rtog‘i bilan ham ajrashishi unga yana bir og‘ir zarba bo‘ladi.

2017 yil 1 dekabrda «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni imzolangandi. Farmonda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan tumandagi nogironligi bo‘lgan ayrim fuqarolarga arzon uy-joylardan berilgan. Sevara Nurmurodovaga ham tumanning «Po‘latchi» mahallasida qurilgan ikki qavatli uylardan ikki xonali xonadon ajratilgan.

«Uy-joyga ehtiyojim borligi uchun men ham Past Darg‘om tumani hokimligiga murojaat qilgandim. 2017 yil 24 dekabrda orzum ushaldi. Menga tantanali ravishda ikki xonali uy berishdi. Bilasizmi, quvonchim dunyoga sig‘masdi o‘sha payt. Prezidentimizdan, viloyat va tuman rahbarlaridan behad minnatdor bo‘ldim. Televideniye s'yomka qildi, to‘lqinlanib intervyular berdim. Ammo yaqinda tuman hokimligidan uyni qaytarib berishim kerakligini aytishganida juda yomon ahvolga tushdim... Bu uyning egasi boshqa emish...», – deya Sevara Nurmurodova ko‘z yoshlari tufayli so‘zlarini oxirigacha davom ettirolmagandi biz bilan suhbatda.