Futbolchilar hayoti bilan yaqindan tanishtiruvchi ThePlayersTribune loyihasi kabi murabbiylarning xotiralariga bag‘ishlangan The Coaches’ Voice loyihasi ish boshladi. Uning ilk qahramoni esa, tabiiyki, yangi asrning eng muvaffaqiyatli murabbiylaridan biri, futboldagi eng katta uch turnir – jahon chempionati, Yevropa chempionati va Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqan yagona murabbiy – Visente Del Boske.

Shunday ulkan sovrinlardan so‘ng ham, uning malakasini shubha ostiga oladigan va g‘alabalarni ko‘proq o‘ta kuchli ijrochilarga bog‘laydiganlar bor. Ammo futbol olamida kuchli ijrochilar doim bo‘lgan, sanalgan sovrinlarni yutish esa, faqat Del Boskega nasib etgan. Tabiiyki, muvaffaqiyatlarda Del Boskening ham mahorati, kerakli va to‘g‘ri qarorlari katta ahamiyat kasb etgani shubhasiz.

Quyida ispaniyalik murabbiy terma jamoasi bilan qanday qilib mundialda g‘olib bo‘lgani haqida hikoya qiladi.  

«Ko‘pchilik Ispaniya terma jamoasini qabul qilish uchun juda noto‘g‘ri vaqt, deb o‘ylagan, ammo mening fikrim biroz boshqacha edi. Jamoamizda aniq uslub, bir qator yuqori saviyali futbolchilar va yosh umidli nomlar mavjud edi. Boshqacha aytganda, ko‘p narsa tomonda, buning ustiga, yaqinda Yevropa chempionatida g‘alaba qozonilgandi.

Bunday merosni qabul qilib olish xavfli emas, aksincha, mukofotdir. Hali Yevro-2008 boshlanmasdan turib ham, men Luis Aragonesning davomchisi bo‘la olishimga ishonardim.

O‘sha turnirdagi hamma o‘yinni men uyda, televizorda tomosha qildim. Menda doim Ispaniya terma jamoasi qanday bo‘lish kerakligi haqida tasavvurlar bo‘lgan, o‘yinlar davomida esa, o‘zim uchun kelajak tasvirini chiza boshladi. O‘ylashimcha, mening g‘oyalarimni amaliyotga ko‘chirish uchun Ispaniya va u yerdagi ijrochilardan ko‘ra yaxshiroq variantni topib bo‘lmasdi.

Luis Aragones mendan ancha katta, ammo biz doim bir-birimizga hurmat bilan qaraganmiz. Albatta, futbolchilar uchun juda qadrli bo‘lgan sobiq murabbiyga hurmat ko‘rsatibgina, o‘zim ham qadr topishim mumkin edi. Ilk kundan futbolchilar shu paytgacha qilingan ishlarni yo‘qqa chiqarmoqchi emasligimni his qilishgan. Shunchaki, yangi elementlar qo‘shgan holda, o‘yinni takomillashtirishimiz lozim edi.

Shuningdek, ba'zi futbolchilar o‘tgan yil mobaynida o‘z o‘yinlarini o‘stirishdi va terma jamoaga yangi qon o‘laroq kirib kelishdi. Ma'lum bir yerda to‘xtab qolmaslik uchun bu o‘zgarishlar juda muhimdir. Jyerar Pike, Serxio Buskets, Xuan Mata kabi futbolchilar jamoamiz sifatini oshirishgandi. Ishimdagi eng qiyini, Yevropa chempionatida juda muhim sanalgan ba'zi futbolchilardan voz kechishga majbur bo‘lgandim. Yorqin misol – Markos Senna.