Jamiyat | 01:49 / 27.04.2019
7279
7 daqiqa o‘qiladi

Turizm sohasi I chorak yakunlari bo‘yicha hisoboti: KPMG bilan kelishuv, startaplar va statistik ma'lumotlar

26 aprel kuni Milliy matbuot markazida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari 2019 yilning birinchi choragidagi faoliyati natijalari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari xodimlari oldida hisobot taqdim etishdi. Kun.uz muxbiri matbuot anjumani davomida olingan ma'lumotlar asosida yilning birinchi choragida O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilgan ishlarga oid ma'lumotlar bilan bo‘lishdi.

Mehmonxonalar

2019 yilning birinchi choragida O‘zbekistonda 2 mingdan ziyod xonani o‘z ichiga olgan 40 ta mehmonxona qurib bitkazildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda jami 21 300 xonadan iborat 966 ta mehmonxona faoliyat yuritmoqda. Joriy yil oxiriga qadar o‘tkaziladigan uchrashuvlar natijasida taxminan 7 ming xonaga ega 140 ta yangi mehmonxona qurilishi ko‘zda tutilmoqda. Agar 2017 va 2018 yillarda xonalar soni 4 va 5 foizga oshgan bo‘lsa, 2019 yilda xonalar soni 37 foizgacha ortishi kutilmoqda, bu esa mehmonxonalarda joylar yetishmasligi muammosini deyarli hal qiladi.

KPMG bilan kelishuv

Investorlarning mehmonxonalarni qurish uchun sarflagan xarajatlarini qoplash va davlat budjeti hisobidan jahonning brend mehmonxonalarini jalb qilishga doir shaffof mexanizmlar joriy etildi. Mehmonxonalarga mablag‘ ajratish jarayonini baholashga “Katta to‘rtlik” kompaniyalari biri «KPMG» vakillarini jalb qilish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Turkiya va Janubiy Koreyaning kichik mehmonxonalar qurish tajribasidan kelib chiqib, jami 8 turdagi 8 (2 xil), 16, 26, 32, 40 (2 xil) va 50 xonali mehmonxona loyihalari ishlab chiqildi.

Yoshlar g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash

Yoshlarni tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga rag‘batlantirish va turizm sohasida yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun ularning biznes-loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha 600 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan tanlov tashkil etildi.

Nodavlat sektor

Nodavlat sektorlarni institutsional qo‘llab-quvvatlash maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Gastronomik va ekstremal turizmni rivojlantirish bo‘yicha NNTning umumiy qiymati 1,2 milliard so‘mlik 6 loyihani moliyalashtirdi.

Brend targ‘iboti

O‘tgan davr ichida Futbol bo‘yicha Angliya premer-ligasi bilan kelishuvga erishildi va ligada O‘zbekistonning reklamasi namoyish etildi. Barcha kanallarda translatsiya qilingan futbol matchlaridagi reklama namoyishining umumiy vaqti 27 soat va 32 minut tashkil qildi.

Shuningdek, bugungi kunda O‘zbekiston brendini dunyoga kengroq tanitish maqsadida Yu.Stoyanov (Rossiya), R.Beri (Hindiston) va Daler Yusuf (Malayziya) O‘zbekistonning turistik brendi elchilari etib tayinlandi.

Bundan tashqari, Ispaniyada O‘zbekistonning turistik salohiyatiga bag‘ishlangan dunyoga mashhur “Le Petit Futé” sayyohlik qo‘llanmasi ispan tilida 80 ming nusxada chop etildi, bu Fransiyada 70 ming nusxa bilan fransuz tilida chop etilgan nashrning davomidir.

Yangi yo‘nalishlar diversifikatsiyasi

Foto: Kamil Yenikeyev

Turizmning yangi yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va rivojlantirish hamda milliy turistik salohiyatni targ‘ib qilish maqsadida Buxoro shahrida Ziyorat turizmi bo‘yicha birinchi xalqaro forum o‘tkazildi. Unda 34 mamlakatdan 120dan ortiq xorijiy mehmon ishtirok etishdi.

“O‘zbekiston” milliy turistik stendi bilan Ispaniya, Germaniya, Isroil, Rossiya, Turkiya va Belarus Respublikasidagi turizm bo‘yicha xalqaro yarmarkalarda ishtirok etildi. Chet el ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va turistik salohiyatimizga oid 100dan ortiq material chop etildi.

Xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlik

Foto: uza.uz

Xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlikni tashkil etish maqsadida Turizm davlat qo‘mitasi tarkibida xorijdagi diaspora vakillari bilan ishlash boshqarmasi shakllandi. Shunday qilib, diasporaga jalb qilingan xorijiy tashkilotlar bilan birgalikda chet ellardagi, jumladan, Germaniya, AQSh, Buyuk Britaniya, Latviya, Finlandiya, Mo‘g‘ulistonda hamyurtlarimiz uchun 19 ta forum o‘tkazildi.

Bundan tashqari, yurtdoshlarimiz birgalikda Yaponiya, Chexiya, XXR, Malayziya, Tayland, Polshada O‘zbekiston turistik salohiyati taqdimoti va “O‘zbekiston” milliy brendini targ‘ib etish bo‘yicha 25 ta aksiya o‘tkazildi.

Statistika

Foto: depositphotos.com

2019 yilning I choragi davomida O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijlik sayyohlar soni 1 mln 380 mingni tashkil qildi. O‘tgan yilning xuddi shu davrida esa bu ko‘rsatkich 972,2 ming nafarni qayd etgan. Bu bir yil davomida 42 foizlik o‘sish qayd etilganidan dalolat beradi.

Shuningdek, turistik xizmatlar eksporti 2019 yilning birinchi choragida 246,1 million dollarni tashkil qildi. 2018 yilning bu davr ko‘rsatkichi esa 184,6 million dollarni qayd etgan.

2018 yilning I choragida 11 tagina joylashuv vositasi qurilgan, 2019 yilning xuddi shu davrida qad ko‘targan joylashuv vositalari soni esa 41 tani tashkil qildi. Jami O‘zbekistonda 963 ta joylashuv vositasi xizmat ko‘rsatmoqda.

Xorijiy mamlakatlar fuqarolariga berilgan elektron vizalar soni 2019 yilning birinchi choragida 11 860 tani tashkil qildi. 2018 yilning 15 iyulidan yo‘lga qo‘yilgan ushbu tizim orqali viza olgan xorijliklar soni bugunga kelib 40 016 taga yetdi.

Hujjatlar

Turizm sohasiga doir qarorlarni amalga oshirish doirasida o‘tgan davr mobaynida 13 ta normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalari tayyorlandi va hukumatga taqdim etildi, ulardan 8 tasi qabul qilindi va amalga oshirilmoqda. Ayrim mamlakatlar fuqarolari uchun viza tizimining bekor qilinishi, xorijiy fuqarolar uchun turar-joylarni qisqa muddatga ijaraga berish tartibini soddalashtirish, Xorazm, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahrining sayyohlik salohiyatini rivojlantirish, xususan, turistik salohiyat yuqori bo‘lgan qishloq joylarida yangi sayyohlik mahsulotlarini yaratish, hududlar o‘rtasida hamkorlik va raqobatni rivojlantirish maqsadida har bir hudud iqtisodiyotida turizmning ulushini aniqlash imkonini beruvchi hududiy turizm statistikasini takomillashtirish shular jumlasidandir.

Mavzuga oid