Khan Academy – Harvard bitiruvchisi Salmon Xon tomonidan 2006 yilda asos solingan, «Yuqori sifatli ta'limni har kimga, har joyda taqdim etish»ni o‘ziga shior qilib olgan notijoriy ta'lim tashkiloti.
Akademiya o‘zining internet-saytida matematika, fizika, kimyo, biologiya, astronomiya, kosmologiya, sog‘liqni saqlash va tibbiyot, iqtisodiyot, kompyuterga oid va boshqa bir qancha fanlarga doir 9 mingdan ortiq qisqa videoleksiyalarini barcha uchun bepul taqdim etadi. Bu hali hammasi emas, akademiya sayti 50 mingdan ziyod amaliy mashg‘ulotlar hamda har bir o‘quvchining imkoniyatiga qarab (personallashtirilgan) ta'lim olish imkoniyatini beradigan informatsion panelni taqdim etadi va bunda o‘quvchi o‘ziga qulay joyda – sinfxonasida yoki uyida mashg‘ulot o‘tashi mumkin.
Xayriya mablag‘lari evaziga amalga oshirib kelinayotgan bu loyiha endi O‘zbekistonda ham o‘z ishini boshlamoqda. Mazkur loyihaning o‘zbekchaga o‘girilishi ham yakka shaxslarning urinishi evaziga amalga oshdi. Eng avvalo, tadbirkor Botir Arifjanov va uning maslakdoshlari tashabbusi bilan boshlangan loyiha keyinchalik ko‘plab ko‘ngillilar, loyiha jonkuyarlari ishtiroki bilan qo‘llab-quvvatlandi.
Khan Academy afzalliklari
Avvalo bu har kim – kattayu kichik uchun o‘z sharoitidan kelib chiqib ta'lim olish imkoniyatidir. Hech qanday cheklovlarsiz.Maktablarda dars jarayoni qay tarzda o‘tishi, jarayonga xos bo‘lgan kamchiliklar ko‘pchilikka ayon: dars davomida o‘qituvchi 20-30 nafar o‘quvchi bilan ishlashi bois, barcha o‘quvchilar ham fanni bir tekis o‘zlashtirishini nazorat qilishi va buni ta'minlashi amrimahol.
Dars jarayonida bolaning bir mavzuni yaxshi tushunolmay qolishi keyingi mavzuni o‘zlashtirishini qiyinlashtiradi, undan keyingisini – yanada qiyinlashtiradi. Natijada bolaning fanga qiziqishi batamom so‘nadi. Bir muddat o‘tib bola bu fan uchun o‘quvchi emas, balki sinfxonaga shunchaki tashrif buyuruvchiga aylanadi.
Buning oqibatida yuzaga keladigan salbiy natijalar haqida biz avvalgi maqolalarimizdan birida so‘z yurtigan edik.
Khan Academy platformasi bu kabi kemtiklarni to‘ldirishga safarbar etilgan – dars davomida o‘zlashtira olmaganini mazkur platformadan foydalanadigan o‘quvchi uyida yoki xohlagan boshqa joyida takrorlashi mumkin bo‘ladi.















