Onlayn ta'lim olishga qiziquvchilar uchun Khan Academy (Xan akademiyasi) platformasi yaxshi tanish. U matematika, fizika, kimyo, biologiya, iqtisodiyot, ingliz tili grammatikasi, tibbiyot, astronomiya, moliya, tarix kabi fanlar bo‘yicha 10 mingdan ziyod videodarslar va 100 mingdan ortiq mavzulashtirilgan interaktiv mashqlarni jamlagan juda katta qamrovli platforma bo‘lib, har kim o‘zi istagan tilda, qulay vaqt va joyda kerakli fan bo‘yicha bilimlarni olishi mumkin.

Butun dunyoda fan ishtiyoqmandlari orasida katta rezonansga sabab bo‘lgan Xan akademiyasi ma'lumotlaridan endi o‘zbek tilida ham foydalanish mumkin. O‘zbekistonlik bir guruh ko‘ngillilar platforma kontentini mahalliylashtirish – o‘zbek tiliga o‘girishga bel bog‘lashgan. Platformaning qulayliklari hamda uni mahalliylashtirish jarayoni haqida loyiha mualliflari so‘zlab berishdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Barchasi qanday boshlangan?

Xan akademiyasiga 2006 yilda amerikalik Salmon Xon tomonidan asos solingan. U boshqa shtatda istiqomat qiladigan jiyaniga matematika bo‘yicha masofadan turib saboq berish uchun darslarni video shaklida yozib, youtube tarmog‘iga joylashtirib boradi. Bu orada uning videosaboqlari boshqa foydalanuvchilar orasida ham keng tarqaladi. Shu tariqa akademiyaning ilk asosi qo‘yilgan.

Xan akademiyasi onlayn tarzda mustaqil bilim olishga mo‘ljallangan platforma hisoblanadi. Unda tizimlashtirilgan video va mashqlar mavjud. Videolar 5-6 daqiqalik mikroma'ruzalardan iborat. Har bir video muayyan fan bo‘yicha bitta tushunchani tushuntirishga yo‘naltirilgan. Mazkur mavzu yuzasidan bilimlarni sinash uchun interaktiv mashqlar ham taqdim etiladi.

Xan akademiyasi kontenti bugungi kunda 36ta tilga tarjima qilingan bo‘lib, undan 190dan ortiq davlatda 63 millionga yaqin odam foydalanadi. Eng ahamiyatlisi, platformadan foydalanish mutlaqo bepul.

«2014 yilda ilk marotaba matematika bo‘yicha bilimlarimni yangilash maqsadida mazkur platformadan foydalanganman. Platforma ma'lumotlarini o‘zbek tiliga ham o‘girish mumkinligini bilgach, uni ko‘ngilli tarzda tarjima qila boshladim. 2018 yilgacha ba'zi tarjimonlar bilan 20 mingga yaqin so‘zni tarjima qilganmiz. 2018 yilda o‘zbekistonlik tadbirkor Botir Orifjonov shu platformani mahalliylashtirishga amaliy ko‘mak berishi haqida bildirdi» , – deydi jamoa a'zosi Sehrob Ibrohimov.