Rossiya mamlakat energetika tizimini ishdan chiqarish va, xususan, Kiyev, Xarkov hamda Odessani elektr energiyasi, isitish va suvsiz qoldirish orqali Ukrainani kelgusi qishda taslim boʻlishga majburlashni koʻzlamoqda. Bu haqda The New York Times yozdi. Nashr jurnalistlari Ukraina tomonidan qoʻlga kiritilgan va sentabr oyida yevropalik ittifoqchilarga koʻrsatilgan Rossiya hukumati rejasi bilan tanishib chiqdi.

Rejaga koʻra, Ukrainaning uchta eng yirik shahrini suv, elektr energiyasi va isitish tizimidan mahrum qilish uchun Rossiyaga 70 ga yaqin ballistik raketa, 720 ta uzoq masofaga uchuvchi dron va 150 ta boshqariladigan aviabomba kerak boʻladi. Rossiya harbiy strateglarining fikricha, ana shunday jadallikdagi bir oylik zarbalar oqibatida Ukrainaning energetika tizimi vayron boʻladi.

Gazetaning taʼkidlashicha, urushning beshinchi yiliga kelib, Ukraina elektr stansiyalari avvalgi hujumlar tufayli toʻliq quvvat bilan ishlash qobiliyatini yoʻqotgan - va har bir yangi zarba ularni tezda ishdan chiqaradi. Xususan, urush boshlanishidan oldin Kiyevni taʼminlaydigan uchta IEM umumiy quvvati taxminan 1,3 gigavattni tashkil etgan boʻlsa, hozir bu koʻrsatkich qariyb 500 megavattgacha qisqargan.

Nashrning yozishicha, agar Rossiyaning rejasi ish bersa, Kiyev, Xarkov va Odessa energiya quvvatlarining 90 foizini yoʻqotishi, issiqlik taʼminoti 90 foizga qisqarishi bilan toʻqnash kelishi va buning oqibatida suv taʼminoti hamda kanalizatsiya tizimlari faoliyatida uzilishlar yuzaga kelishi mumkin.

Rossiyaning bu reja amalga oshishiga boʻlgan ishonchi koʻp jihatdan Ukrainada havo hujumidan mudofaa vositalari, birinchi navbatda, Patriot tizimlari uchun raketalar yetishmasligi bilan izohlanadi. Ularsiz Ukraina Qurolli kuchlari ballistik raketalardan himoyalanishga deyarli qodir emas.

Tahlilchilar hozir Moskva uchun havo kampaniyasida muvaffaqiyatga erishish ehtimoli urushning boshqa har qanday davridagiga qaraganda haqiqatan ham yuqoriroq ekanini taʼkidlamoqda. Ukrainaning raketaga qarshi mudofaa tizimi Amerika yordamining qisqarishi tufayli «holdan toygan», Rossiyaning raketa va dronlar arsenali yanada kuchli va samaraliroq boʻlgan, Ukrainaning energetika infratuzilmasi esa yillar davomida berilgan zarbalarning toʻplanib qolgan taʼsiri oqibatida hozir ancha zaiflashgan.

Shu sababli, Kiyev muntazam ravishda taklif qilayotgan energetika sulhiga Moskvaning qandaydir shaklda rozi boʻlish ehtimoli juda past. «Ularda ukrainaliklarga bosim oʻtkazish uchun qolgan yagona richag - bu havo zarbalaridir. Ularda boshqa hech narsa yoʻq», - dedi Rasmussen Global konsalting kompaniyasi direktori Garri Nedelku The New York Times nashriga.