Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov rus tiliga rasmiy maqom berish bo‘yicha takliflarga o‘z munosabatini bildirdi.

Til – millatning mavjudlik sharti. Millat vujud bo‘lsa, til - uning ruhi. Shu bois o‘zini tanigan, o‘zligiga ega har bir millat ona tili rivojini hayot-mamot masalasi deb biladi. Til taraqqiysi uchun bor imkoniyatini ishga soladi. Bundan 30 yil oldin davlat tili haqida qonun qabul qilingani – til taraqqiyotini huquqiy jihatdan kafolatlagan edi. Biroq o‘tgan davr mobaynida o‘zbek tilining qo‘llanish doirasini to‘liq ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratilmadi. Natijada davlat tilida ish yuritish ahamiyatsizdek bo‘lib qoldi. Buning oqibatida «eski tuzum tarbiyasini olganlar» bepisandlik bilan o‘zbek tilining qadrini yerga urish va «rus tilida ish yuritish»ga majburladilar. O‘zbek ziyolilarining bezovta nolishlari va yoshlarning dod-faryodiga hech kim quloq solmadi. Ushbu tahlikali  vaziyat davlatimiz rahbarlarini tashvishga solmaganmi deysiz. 2016 yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilishi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va Prezidentning Davlat maslahatchisi tomonidan 2018 yil 15 mayda tasdiqlangan «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini keng joriy etish va yanada takomillashtirish bo‘yicha Harakatlar rejasi» bo‘yicha tizimli ishlar tashkil etilgani, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati kengashi tomonidan bu masala alohida nazoratga olinib, 2018 yil 15 noyabrdagi «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Toshkent shahrida ijro etilishini o‘rganish natijalari bo‘yicha KK-456-Sh – son qarori va shu asosda Bosh vazir tomonidan tasdiqlangan «yo‘l xaritasi» bu yo‘nalishdagi kamchiliklarni bartaraf etish davlatimiz rahbarining e'tiborida turganini anglatadi. Qolaversa, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida lotin alifbosini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhi ikki yarim yil davomida ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilik fikrini o‘rganib, chuqur ilmiy tahlillarga asoslangan takliflarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etgan. Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 7 bob, 29 moddadan iborat O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonuni loyihasi ishlab chiqildi. Jumladan, unda 1995 yilda qabul qilingan «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 2-, 7-, 8-, 10-, 13-, 16-, 18-, 19-, 20-, 21-, 22-, 24- moddalariga o‘zgartirish ko‘zda tutilgan. Ta'kidlash zarurki, Qonunning yangi tahriri huquqiy sohada va milliy qonunchilikda amalga oshirilayotgan islohotlarni o‘zida to‘liq aks ettirish hamda «Davlat tili haqida»gi Qonunga to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish, uning ijrosini so‘zsiz ta'minlash, shu kungacha davlat va jamiyatda ko‘zga tashlangan ko‘plab muammolarga yechim topishga yo‘naltirilgani bilan ajralib turadi.