Andijon shahrida jamoat tartibini ta'minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirish maqsadida zamonaviy mobil postlar hamda tashvish qurilmalarini o‘rnatish ishlari boshlandi.
Andijon IIB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda 13 ta mobil postlar shaharning aholi ko‘p to‘planadigan joylariga o‘rnatildi. Andijon shahrida jamoat tartibini saqlashda hududni kuzatib borish orqali tegishli tashkilotlarga tezkorlik bilan xabar yetkazish hamda fuqarolarga huquqiy maslahat berish maqsadida 40 dona tashvish qurilmalarini o‘rnatish ishlari ham boshlandi.


Bundan tashqari, fuqarolar ko‘p to‘planadigan jamoat joylarida jamoat tartibini saqlashdagi ish unumdorligini oshirish uchun xizmat qiladigan 4 dona skuterlar ham faoliyat yurita boshladi.
Ushbu tadbir huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda Andijon viloyatining Andijon shahri va Xo‘jaobod tumanida “Namunali hudud” tajribasini yaratish doirasida amalga oshirilmoqda. Tashkil qilingan mazkur postlar jamoat tartibini saqlashda hududni nazorat qilib borish orqali tegishli tashkilotlarga tezkor xabar yetkazish, shuningdek, fuqarolarga huquqiy maslahat berishda katta qulaylik tug‘diradi. Postlar kompyuter texnikalari, radio va telefon aloqasi, videonazorat qurilmalari va boshqa zarur uskunalar bilan ta'minlangan.

Ichki ishlar bo‘limlarini aholiga yanada yaqinlashtirish, bevosita ularga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida Andijon shahrining Bog‘ishamol dahasi va Yoyilma MFY hududlarida yangi ichki ishlar bo‘limlari tashkil qilindi.
Andijon shahar Bog‘ishamol dahasi Aylanma ko‘chasida joylashgan 5-sonli ichki ishlar bo‘limida barcha qulayliklarni o‘z ichiga olgan maxsus xonalar tashkil etildi.

Shuningdek, Jinoyatchilikni barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda Andijon viloyati Ichki ishlar idoralari profilaktika inspektorlariga «Namunali hudud» tajribasini yaratish doirasida “Profinspektor” dasturiy ta'minoti o‘rnatilgan mobil telefonlar topshirildi.










