Joriy yilning 1-22 iyun kunlari Toshkent, Namangan, Nukus va Xivadagi Prezident maktablarida hujjatlarni qabul jarayoni bo‘lib o‘tadi. Mazkur ma'lumot Xalq ta'limi vazirligi tomonidan 2019 yil 27 mayda e'lon qilindi.

Prezident maktablari davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 20 fevraldagi «Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan tashkil etilib, mamlakatda iqtidorli yoshlarni o‘qitish tizimini yaratish hamda kelgusida ularda rahbarlik va yetakchilik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

Birinchi Prezident maktablari 2019-2020 o‘quv yilida Toshkent, Namangan, Nukus va Xivada ishga tushiriladi. Dastlab, Prezident maktablarini cheklangan miqdorda tashkil etilishi mazkur muassasalarni boshqarishning butunlay yangi modelini sinovdan o‘tkazish bilan bog‘liqdir. Ushbu sinov muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng, kerakli xulosalarni olib 2020-2021 yillarda Prezident maktablari respublikaning boshqa barcha viloyatlarida tashkil etiladi. Shu bilan birga, maktablarni boshqarishda Kembrij dasturining ijobiy tajribasi va uni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganadigan mahalliy ekspertlar guruhi tuziladi. Prezident maktablari yurtimizda ta'lim sifatini oshiruvchi lokomotiv shakllantiriladi.

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov bu haqda shunday deydi:

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

- Xalq ta'limi vazirligi Prezident maktabiga nomzodlarni saralashda barchaga teng sharoit yaratish uchun harakat qilmoqda. Kembrij Universitetining Cambridge Assessment International Education brendi ostida faoliyat yurituvchi Imtihon Kengashi Prezident maktablari uchun tanlov jarayonini nazorat qiladi. Mazkur tashkilot butun dunyoda o‘tkazadigan imtihonlari jarayonida adolat va shaffoflikni ta'minlaydi. Albatta, barcha ota-onalar farzandlarini Prezident maktablarida bilim olishini xohlashadi. Lekin eng iste'dodli o‘quvchilargina bunday imkoniyatga ega bo‘lishadi. Cambridge Assessment International Education mutaxassislari bolaning ota-onasi yoki ularning moddiy imkoniyati haqida ma'lumotlarga ega bo‘lmaydi. Ingliz kompaniyasi uchun o‘g‘il-qizlar iste'dodi, tanqidiy va mantiqiy fikrlash darajasi baholashning asosiy mezon hisoblanadi.

Nomzodlarga qo‘yilgan talablar:

Prezident maktablariga hujjatlar 2019 yilning 1 iyunidan 22 iyunigacha topshiriladi.  Joriy yilda Namangan, Nukus, Xiva va Toshkentdagi Prezident maktablariga o‘quvchilar 5-10-sinflariga, kelgusi yillardan boshlab esa 5-sinfga qabul qilinadi.