Kecha, 3 iyun kuni Jizzax shahridagi mahallani suv bosgani xabar qilingandi. Ayni vaqtda aholi ushbu mahallada hamon xavotirli vaziyat ekanini xabar qilmoqda. Muxbirimiz voqea joyidan holatni bayon etmoqda.
4 iyun. Tonggi 06:30. Jizzax shahar Bog‘ishamol mahallasi. Mahalladagi yigirmaga yaqin xonadon suv toshqinidan jiddiy zarar ko‘rgan. Ikkita xonadon qulash arafasida, yana o‘nga yaqini avariya holatida. Jizzax shahar favqulodda vaziyatlar bo‘lim rahbari va xodimlari shu hududda. Xodimlar maxsus texnika bilan ayri xonadonlardagi suv tortib olingan. Kechasi erkaklar uy yaqinidagi ko‘chada tunab qolishgan, ayollar va bolalar yaqin atrofdagi zarar ko‘rmagan xonadonlarda tunashgan.

09:00. Mahalla raisi hamrohligida o‘t o‘chirish mashinasi kirib keldi. Dastlab o‘t o‘chiruvchilar mashinasidan boshqa xizmatlar tomonidan xonadonidan suv torttirishni istaganlardan yoqilg‘i so‘ralgan. Ammo aholining keskin noroziligiga duch kelgach, mahalla raisi vaziyatni yumshatib yoqilg‘i uchun o‘zi tadbirkor, homiylarni topishini ma'lum qilgan.

10:20. Hokimlik vakillari hamon yo‘q. Aholi sarosimada kim, nima qilishni bilmaydi. Vaqtincha yashash joyi, palatka kabi narsalar haqda hech qanday gap yo‘q. Sel oqibatida hojatxonalar buzilib ketib atrofga oqava tarqagan, antisanitar holat. Davlat sanitariya epidemiologiya markazi xodimlari yo‘q, tez yordam ham kelmagan. Aholi har kim o‘zi uchun kurashib “pojarniy”ga qo‘ldan kelguncha qarashmoqda. Bitta texnika kamlik qilmoqda.

10:50. Atrofda faqat zarar ko‘rgan xonadonlar egalari va qarindoshlarini ko‘rish mumkin. Tabiiy ofatdan zarar ko‘rganlarga uzoq-yaqindan qarindoshlari oziq-ovqat keltirmoqda. Ular kechasi Kun.uz’da yaqinlarining boshiga tushgan savdodan xabar topishganini ma'lum qilmoqda. O‘t o‘chirish mashinasi qiyinchilik bilan bo‘lsada suvni tortib tugatmoqda.




















