Mamlakat aholisi O‘zbekistondagi eng ashaddiy monopolist nomini ma'lum qildi.

Kuni kecha Kun.uz Telegram’dagi «Sizning fikringiz» kanalida tezkor so‘rov o‘tkazdi. So‘rov onlayn o‘tkazilgani tufayli jins, yosh va boshqa omillar hisobga olinmadi.

O‘zbekistonliklardan mamlakatdagi eng ashaddiy monopolistni ma'lum qilish so‘raldi. 4 446 kishi o‘z fikrini bildirdi. Ularning 66 foizi fikricha, GM Uzbekistan eng ashaddiy monopolist sanaladi. 8 foiz bu «O‘zbekiston havo yo‘llari» ekanini ta'kidlagan bo‘lsa, 5 foiz «O‘ztransgaz»ni aytdi, yana 5 foiz - «O‘zbektelekom», 5 foiz - «O‘zbekneftgaz», 4 foiz - «O‘zbekiston temir yo‘llari» va 3 foiz - «O‘zbekenergo». Qolgan 4 foiz fikriga ko‘ra, boshqa tashkilotlar ashaddiy monopolist hisoblanadi.

O‘zbekiston prezidenti GM Uzbekistan’ni ikki marta tanqid qildi. 2018 yil may oyida u mashinasozlik sohasida raqobat muhiti yo‘qligini ta'kidladi. 2019 yil may oyida Mirziyoyev avtomobil zavodi odamlarga deyarli foyda keltirmayotganini aytdi.

«Biz zavod rahbariyatini o‘zgartirdik, korrupsiyani yo‘q qildik. Ko‘p yillik ish muddatiga qaramay, zavod hamon Koreyadan uskunalar olib kelmoqda», - deya qayd etib o‘tdi davlat rahbari.

Hattoki, O‘zbekistonning sobiq davlat kotibi ham O‘zA’ga bergan intervyusida mashinasozlik O‘zbekistonda o‘lganini ta'kidlab o‘tdi.

«Siz hozir mashina ishlab chiqarilyapti, deyapsiz. Lekin uning deylik, bitta lampochkasi o‘chib qolsa, rasvo bo‘ladi. Chunki o‘zimizda ishlab chiqarilmaydi. Bunaqa «ishlab chiqarish» kimga kerak. Mayli, hamma narsani yuz foiz shu yerning o‘zida chiqarish qiyindir. Lekin hech bo‘lmaganda, uning 60 foizini o‘zimizda ishlashimiz kerak...», - dedi Rahim Rajabov.

Kuni kecha O‘zbekistondagi haydovchilardan biri bizga qiziq fakt aytib qoldi. Gap shundaki, u GM Uzbekistan avtosalonida yangi avtomobil sotib olgan va darhol akkumulyatorni o‘zgartirgan. Nima uchun, deb so‘ralganida, u zavod akkumulyatorlari sifatsiz ekanini aytdi. Ehtimol, O‘zbekiston yangi mashina sotib olib, so‘ng ehtiyot qismlar hamda aksessuarlarni almashtirishadigan dunyodagi yagona mamlakatdir. Ma'lumotlarga ko‘ra, haydovchilar ba'zida g‘ildiraklarni ham o‘zgartiradi, sababi yangilarida yurish «noqulay».