Turkiyaning favqulodda va muxtor elchisi Jyengiz Komil Firot Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Bu haqda Knews xabar bermoqda.
Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, turk tomoniga 5 iyun kuni Firotning Orok qishlog‘iga borgani munosabati bilan nota topshirilgan. Ta'kidlanishicha, diplomatning tashrifi mahalliy aholi o‘rtasida norozilik keltirib chiqargan.
Vazirlik elchini mamlakat ichki ishlariga aralashmaslik, vazminlik va milliy qonunchilikka hurmat bilan qarashga chaqirdi.
O‘z navbatida, Anqara Qirg‘izistonning Turkiyadagi elchisi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan Bishkekka nota bilan javob qaytardi. Bu haqda «Anadolu» xabar tarqatgan.
Agentlik ma'lumotiga ko‘ra, 7 iyun kuni Qirg‘iziston elchisi Kubanichbek O‘muraliyev Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan. Nota vazirning yordamchisi Sedat O‘nal tomonidan elchiga topshirilgan.
Notada aytilishicha, elchi o‘z vazifalarini bajargan va Qirg‘izistonning ichki ishlariga aralashmagan. Ma'lumot hozircha tasdiqlanmagan. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi ma'lumot aniqlashtirilganidan keyin izoh berishini bildirdi, deyiladi Knews xabarida.
Bundan oldin, Qirg‘izistondagi qishloqda qirg‘izlar va turklar o‘rtasida mojaro kelib chiqqani xabar qilingandi.
Qirg‘izistonning Chuy viloyati Sokuluk tumani Orok qishlog‘ida hayit namozi vaqtida yuz bergan mushtlashuv tufayli jiddiy mojaro sodir bo‘ldi. Yosh yigitlar - qirg‘iz va turklar o‘rtasida mushtlashuv yuz bergan, birinchisi kasalxonaga tushgan. Mushtlashuvdan so‘ng, mahalliy aholi yig‘ilib, yigitlarning oilalarini ko‘chirib yuborishni talab qildi.
















