Bugun, 12 iyun kuni Moskvada jurnalist Ivan Golunovni qo‘llovchi norozilik aksiyasi o‘tkazildi. Namoyishga chiqqanlar Golunovga nisbatan soxta ayblovlar qo‘yilganini qoralab chiqishdi. Norozilik aksiyasida 400 ga yaqin odam qo‘lga olindi. Ko‘chalarda norozilik namoyishi o‘tkazilayotgan bir vaqtda Kremlda Rossiya kuni munosabati bilan (12 iyun kuni Rossiya Sobiq Ittifoqdan ajralib chiqqan kun. Bunday kunni sobiq Ittifoqning qolgan 14 davlati mustaqillik kuni deb nishonlaydi. Rossiya esa 14 ta mustamlakasini rasman boy bergan kunini Rossiya kuni deb nomigagina nishonlaydi) madaniyat sohasida o‘zini ko‘rsatganlar davlat mukofotlari bilan taqdirlanishdi.

Shaxsan Putinning qo‘lidan mukofot oladiganlar orasida pianinochi Nikolay Luganskiy ham bor edi. U marosimga qizi jurnalist Anna Luganskaya bilan borgandi. Anna Kremlga Rossiyada oxirgi kunlar qahramoniga aylangan Ivan Golunovni qo‘llab-quvvatlovchi «Men/Biz Ivan Golunov» deb yozilgan futbolka bilan bordi. Albatta, uni bu kiyimda ichkariga kiritishmagan bo‘lardi, ammo jurnalist qiz o‘ziga xos taktika qo‘lladi. Anna Kremlda nimalar bo‘lgani haqida hikoya qildi.

Foto: Twitter/@maxseddon

«Men hozir Moskva davlat universitetining tarix fakultetida magistratura bo‘limida o‘qiyman. Chunki tarix menga doim yoqqan. O‘qish bilan birga Medialeaks nashrida ham ishlayman. Bilasizmi, har xil mitinglarda, norozilik aksiyalarida qatnashishga odatlanmaganman, lekin Golunov bilan bog‘liq vaziyat meni o‘zgacha fikrlashga majbur qildi. Axir yo‘q joydan bir odamga narkotik qistirib ketish to‘g‘ri emas-da.

Uning o‘rnida biz ham bo‘lishimiz mumkin edi. Har bir Moskva fuqarosi, shunday vaziyatga tushib qolishi mumkin bo‘lgan har qanday odam Golunovni himoya qilishi kerak edi. Axir bu holatga, bizning biror tanishimiz yoki yaqinimiz ham bo‘lishi mumkin edi-ku, to‘g‘rimi?

Men ko‘plab tanishlarim kabi Golunovning taqdiridan xavotirga tusha boshladik. Do‘stlarim bilan sud binosi oldiga borib «Ivan Golunovga ozodlik» deb baqirdik va bu uchun o‘zimni qaysidir ma'noda baxtli his qildim. Shu orqali unga yordam bergandek bo‘ldim go‘yoki.

Golunovning ishini yopishgani va u ozodlikka chiqqani haqida ishdaligimda bildim. O‘sha vaqt shunchalik xursand bo‘ldimki... Golunovning chiqishini jonli efirda ko‘rib, juda hayajonlandim. Uning iti uchun alohida hayajonlandim.

Futbolkani kecha sotib oldim. Avvaliga bu futbolkani kiyib namoyishga bormoqchi bo‘ldim, lekin Golunov ozod qilingach, bunga ehtiyoj yo‘qligini sezdim. Otam taqdirlash marosimida uning yonida bo‘lishimni juda xohlagandi. Mening tuyg‘ularim chalkashib ketdi. Axir men Kremlda bo‘lgan vaqtda tashqarida odamlarni kaltaklashayotgandi. Shu bois ichkarida o‘zimni noqulay his qildim.