Misr Saudiyani himoya qilmoqchi

Misr Saudiya Arabistoni xavfsizligi va barqarorligini himoya qilish uchun zarur yordamni koʻrsatishga tayyor. Bu haqda 18-oktabr kuni Misr prezidenti devoni maʼlum qildi. Reuters'ga koʻra, bayonot prezident Abdulfattoh as-Sisiy raisligida oʻtgan Milliy mudofaa kengashi yigʻilishidan soʻng eʼlon qilindi.

«Misr Saudiya Arabistoniga uning xavfsizligi va barqarorligini himoya qilish, resurslari, hududiy yaxlitligi va islomiy muqaddas joylarini muhofaza qilish uchun barcha zarur va mumkin boʻlgan yordam turlarini koʻrsatadi», deyiladi bayonotda.

Bundan avval Sisiy parlamentdan agar Ar-Riyod soʻrasa, armiyaga Saudiyani himoya qilishda ishtirok etishga ruxsat berishni soʻragandi. Misr parlamentida ovoz berish 20-oktabrgacha choʻzilishi mumkin. Konstitutsiyaga koʻra, qoʻshinlarni xorijdagi jangovar vazifaga yuborish uchun deputatlarning uchdan ikki qismi roziligi talab qilinadi.

Misrning bu qadami husiylarning Saudiya Arabistoniga hujumlari kuchaygan paytga toʻgʻri keldi. Husiylar soʻnggi kunlarda Riyod xalqaro aeroporti va Saudi Aramco kompaniyasiga hujum qilmoqda. 10-oktabr kuni Riyod aeroportiga uyushtirilgan hujumda 13 kishi, jumladan, Misr fuqarosi boʻlgan bort kuzatuvchisi ham oʻldirilgandi. Saudiya Arabistoni ham Yamanga zarbalar berib kelmoqda. 18-oktabr kuni bunday zarbalarda kamida toʻqqiz kishi oʻldirilgani xabar qilindi.

Husiylar esa Misrni urushga aralashmaslikka chaqirdi. Husiylar nazoratidagi parlament spikeri Misr parlamenti raisiga yoʻllagan maktubida bunday qadam Qohiraning milliy xavfsizligiga jiddiy xavf tugʻdirishi haqida ogohlantirgan.

Maʼlumot uchun, Yamandagi janglar AQSH va Isroil Eronga qarshi boshlangan urushning yana bir frontiga aylanib ketdi.

Fransiyadagi namoyishlar

Fransiyada narxlar oshishi va davlat xizmatlari sifati pasayishiga qarshi umummilliy namoyishlar tartibsizlikka aylandi. 17-oktabr kuni yarim milliondan ortiq kishi qatnashgan yurishlarning aksariyati tinch oʻtgan. Ammo zoʻravon guruhlar politsiya bilan toʻqnashdi, doʻkonlarni taladi va davlat binolariga hujum qildi.

Fransiya politsiyasi mamlakat boʻylab 2400 kishini hibsga oldi, 1000 ga yaqin politsiyachi jarohatlangan. Parijda bir namoyishchi yurak toʻxtab qolishi oqibatida vafot etgan. Limoj shahrida esa meriyaning qadimiy binosi yoqib yuborildi. Carrefour savdo tarmogʻining 50 ta doʻkoni zarar koʻrgan.