2018 yil mart oyida Özbekiston Respublikasi Prezidentining «Obod qişloq» dasturi töğrisida»gi farmoni imzolandi.
Unda keng kölamli bunyodkorlik işlarini barça hududlarda amalga oşiriş orqali qişloq aholisi uçun munosib şaroitlar yaratiş va ularning turmuş madaniyatini yanada yuksaltiriş, qişloq aholi punktlarining me'moriy qiyofasini tubdan yangilaş, yöl-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi hamda ijtimoiy soha obektlarini barpo etiş va şu asosda aholining turmuş madaniyatini yuksaltiriş va dunyoqaraşini kengaytiriş asosiy vazifa ekani belgilab qöyilgan.
Bu farmon asosida Xorazm viloyati, Boğot tumani, Mirişkor qişloğidagi «Ma'naviyat» mahallasi ham «Obod qişloq» dasturiga kiritildi.

«Ma'naviyat» mahallasida 5 mingdan ortiq aholi 900ga yaqin xonadonda yaşamoqda. «Obod qişloq» dasturi böyiça mahallada 712ta uy-joyni ta'mirlaş, 5,5 km uzunlikda içimlik suvi tarmoğini ötkaziş, 0,7 km uzunlikda oqova suv inşootlarini örnatiş, 0,8 km uzunlikda elektr tarmoğini, 0,6 km uzunlikda tabiiy gaz tarmoğini ötkaziş, 3,0 km uzunlikdagi içki yöllarni, 2 km uzunlikda piyodalar yölaklarini ta'mirlaş, 3ta ijtimoiy soha, 6ta maişiy xizmat obektlarini quriş va ta'mirlaş, 1ta kömir ombori, 1ta suyultirilgan gaz şoxobçasini yangidan quriş, 300ta köça çiroqlarini örnatiş, 2,5 km uzunlikda gulzorlar taşkil etiş közda tutilgan edi.
Bu işlarni moliyalaştiriş uçun jami 7 milliard 515 million söm ajratilgan.
Biroq «Ma'naviyat» mahallasi aholisining sözlariga köra, rejadagi işlar töliq bajarilmagan. Bunda asosiy e'tiroz yöllarning abgor ahvoliga qaratilmoqda.

Mahalla yöllarining ahvolini körib, «Obod qişloq» dasturi asosida obod qilinganiga işoniş qiyin. Bu yöllar yomğir-qorli mavsumda botqoqqa aylanadi, issiq-quruq mavsumda esa çang-tözon ostida qoladi. Mahalla hududini aylanar ekanmiz, dov-daraxtlar, uylarning tomlari, avtomaşinalar çangga kömilganini kuzatiş mumkin. Bu yöllardan har kuni işga, yumuşga ötadigan odamlar, boğçaga, maktabga qatnaydigan bolalarning ahvoliga faqat açiniş mumkin.




















