Oziq-ovqat xavfsizligi doim dolzarb masalalardan biri bo‘lib kelgan. Ayni pishiqchilik vaqtida bu masalaga yanada jiddiy e'tibor berish talab etiladi. Sababi, bu davrda mevalar, poliz ekinlari pishib yetiladi va bozorlarda bu mahsulotlarning savdosi yanada avjiga chiqadi. Ayniqsa, qovun-tarvuz savdosini yoz kunlarida bozorlardan tashqari, har qadamda uchratishimiz mumkin.

Xo‘sh, ayni shu davrda oziq-ovqat xavfsizligi talablariga yetarlicha e'tibor berilyaptimi? Bu mahsulotlar tegishli tartibda laboratoriya tekshiruvidan o‘tgandan keyin savdoga chiqarilyaptimi?

Mazkur savollarga javob topish maqsadida Samarqand viloyati, Paxtachi tumanida o‘rganish olib bordik.

Ushbu tumandan M-37 avtomagistral yo‘li o‘tgan. Yo‘l chetida tarvuz-qovunlar savdosini uchratish mumkin. Ammo bu mahsulotlar savdosining eng «issiq nuqtasi» Sultonobod bozori hisoblanadi.

Bu yerda haftaning chorshanba va yakshanba kunlari bozor bo‘ladi. Yuk mashinalarida tarvuz-qovunlar olib kelinib sotiladi. Qolgan kunlari esa Sultonobod bozori joylashgan M-37 yo‘li cheti asosiy savdo maskaniga aylanadi (Bozordagi tartibsizliklar, umumiy ovqatlanish maskanlaridagi antisanitar holatlar alohida mavzu).

Bozor ichi va yo‘l bo‘yidagi ushbu poliz mahsulotlarini kuzatar ekanmiz, birorta ham laboratoriya tekshiruv xulosasini ko‘rmadik. Aslida bu mahsulotlar tanlab olingan holda maxsus tekshiruvdan o‘tgandan keyin savdoga qo‘yilishi kerak. Afsuski, Paxtachi tumanida hech kim bu tartibga amal qilmayapti. Sultonobod bozorida bozorlarda bo‘lishi lozim bo‘lgan laboratoriyani ham ko‘rmadik.

Ma'lumki, ushbu mahsulotlarning sifati va xavfsizligini ta'minlash sohasidagi davlat boshqaruvini sog‘liqni saqlash, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazlari, veterinariya, o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Shunga muvofiq, Paxtachi tumani hududida tarvuz-qovun mahsulotlarini maxsus laboratoriya tekshiruvisiz sotilayotgan holati yuzasidan izoh olish uchun Samarqand viloyat davlat santariya-epidemiologiya nazorat markazi bosh vrachi Manzura Otamurodova bilan bog‘landik.