Oliy o‘quv yurtlari minglab talabalikni orzu qilgan abituriyentlar bilan to‘lgan palladamiz. Ta'lim dargohlaridagi qabul jarayonini kuzata turib, yoshlarni o‘qishga bo‘lgan qiziqishidan ko‘ngil ko‘tarildi. Biroq, ayrim OTMlarda hujjatlarni qabul qilish jarayonida kamchiliklar yuzaga kelmoqda.

Ma'lumki, bu yil hujjatlar qabul qilish jarayoniga qator o‘zgartirish va yangiliklar kiritilgan. Endi abituriyent OTMga o‘zi bilan 10 ta qog‘oz hujjatlarni, ish papkasi, suratlarni ko‘tarib kelmaydi. Qabul elektron tarzda amalga oshirilmoqda. Abituriyent qo‘lida — shaxsni tasdiqlovchi hujjat, ma'lum o‘quv yurtini bitirganlik haqidagi diplom yoki shahodatnoma bo‘lishi kifoya.

Andijon shahridagi mavjud oliy ta'lim muassasalarida bo‘lib, abituriyent va ota-onalarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdik.

Andijon davlat universiteti binosiga yaqinlasha boshlashingiz bilan yo‘ldagi mashinalar tirbandligini ko‘riboq qabul boshlanganini sezasiz. ADU hovlisi «o‘qituvchi bo‘laman», degan o‘spirin qiz-yigitlar bilan to‘la. Talaba bo‘lishni orzulagan yoshlar oqimining ko‘pligi qabul komissiyasiga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Kirish yo‘lagidagi tumonat yoshlar navbat nimaligini bilmaydi. Tirbandlik, bir-birini hurmat qilmaslik avjida. Tong sahardan kelib navbat kutib turgan abituriyentlar bor ekan. Vaziyatni ichki ishlar xodimlari tartibga solib turishibdi.

Universitet qabul komissiyasi mas'ul kotibi Azamatjon Mamatyusupov bilan dilni xira qiladigan holat bo‘yicha suhbatlashdik.

«Bu yil universitetimizning kunduzgi bo‘limiga 37ta ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha 2115ta, sirtqi bo‘limga esa 13ta ta'lim yo‘nalishida 875ta, jami 2990ta kvota ajratilgan bo‘lib, 15 iyundan qabul jarayonini boshlaganmiz.