Afsonaviy Volkswagen Beetle – “Qo‘ng‘iz” tarixga aylandi
Tarixdagi eng ommaviy avtomobillardan biri Volkswagen Beetle – “Qo‘ng‘iz” ishlab chiqarilishi 10 iyulda Meksikaning Puebla shahridagi zavodda to‘xtatiladi. Ushbu model bu zavodda 1967 yildan beri yig‘ilgan.
Excelsior portalining eslatishicha, bu model butun dunyo bo‘ylab 80 yildan ko‘proq vaqt davomida ishlab chiqarilgan. 1996 yildan esa faqatgina Meksikada yig‘ilgan. Umumiy hisobda turli modeldagi “Qo‘ng‘iz”lardan 21,5 mln dona ishlab chiqarilgan.
2003 yildan Meksikadagi zavodda yangilangan Beetle New ishlab chiqarila boshlangan, 10 iyulda esa bu modelning maxsus partiyasi yig‘ilishi yakunlanib, bu mashinalardan oxirgisi muzeyga jo‘natiladi.
Dastlab “Qo‘ng‘iz” 1930-yillar oxirlarida natsistlar Germaniyasida paydo bo‘lgan, biroq Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan uning ishlab chiqarilishi harbiy texnika ishlab chiqarish zarurati sababli deyarli to‘xtagan. Urushdan keyin nemis konserni modelni ishlab chiqarishni qayta yo‘lga qo‘ygan.
Yaqin vaqtgacha bu mashinalar Mexikoda arzonligi va keng tarqalgani sababli taksi sifatida qo‘llab kelingan. Biroq oxirgi yillarda shahar rahbariyati unda tijoriy maqsadlarda odam tashishni taqiqlagan, biroq Meksikaning yo‘llari tor ba'zi shaharlarida ularda hamon sayyohlar tashiladi.