Jamiyat | 11:13 / 13.07.2019
51228
3 daqiqa o‘qiladi

Xayriya pullarni o‘g‘irlashda ayblanayotgan yigit qo‘lga tushdi

Kun.uz tahririyati ko‘magida xayriya o‘tkazib, xalqdan yordam olgan Ziroat Jaylabayevaning pullari joriy yilning aprel oyida vijdonsizlarcha o‘g‘irlanganligi haqida xabar berilgandi. Ma'lum vaqt o‘tib, ushbu ayolning xayriya pullarini o‘g‘irlagan deya gumon qilingan shaxslar Ichki ishlar xodimlari tomonidan aniqlandi.

YouTube

Tas-IX

Toshkent shahar IIBB Axborot xizmatining Kun.uzʼga ma'lum qilishicha, ushbu jinoyatda ayblanayotgan qo‘qonlik o‘spirin yigit kiber-o‘g‘irlik yo‘li bilan orttirgan pullarni egasiga qaytardi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasida nazarda tutilgan ayblov e'lon qilingan.

Pullar topilgach, Ziroatxon Jaylabayeva bemor qizi bilan Hindistonga uchib ketdi.

“Yulduzxon uchun yig‘ilgan mablag‘imiz topildi. Mana hozir operatsiya qilish uchun olib ketyapmiz. Aeroportdamiz. Bizga ehson qilgan insonlarga rahmat. Zangiota tumani ichki ishlar bo‘limiga rahmat. Mablag‘imizni 15 kunda o‘zimizga qaytarib berishdi. Endi mana Hindistonga uchib ketmoqdamiz. Barcha saxiy insonlarga tashakkurimni aytmoqchiman. Xayriya pullarimni o‘margan o‘sha insofsiz yigitga aytardimki, kasallarning pulini olish yaxshi ish emas. To‘g‘ri yo‘lga kirishini istardim” , deydi bemorning onasi safar oldidan.

Tergov organi ma'lumotiga ko‘ra, kiberjinoyatni sodir etishda ayblanayotgan yigit pullarni Ziroatxonning ishonchiga kirib, uning plastik kartasidan pul o‘tkazib olish maqsadida PIN raqamlarni so‘ragan. Bemor farzandiga xayriya mablag‘larni o‘tkazish vaji bilan Ziroatxonni aldagan yigit plastik karta boshqaruvini qo‘lga kiritgach, undagi pullarni boshqa notanish kimsaga o‘tkazadi.

Noma'lum shaxs esa yigit tasarrufida bo‘lgan xorijiy elektron hamyon hisobini to‘ldirib berish xizmatini amalga oshiradi. Shu orqali o‘g‘irlangan pullar bir zumda yo‘qolgan.

Pullar-ku o‘z egasiga qaytarildi. Ziroatxon opa va uning qizi jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun allaqachon Hindistonga uchib ketdi. Ammo ushbu holat yana takrorlanmasligi uchun shuni eslatmoqchimanki, qilmish, jinoyat uchun jazo muqarrar. Birovning moliga ko‘z olaytirgan kishi qonun oldida javob berishga majbur bo‘ladi.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid