Sport | 10:30 / 16.07.2019
5179
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik gandbolchilar xalqaro turnirda kumush medalni qo‘lga kiritishdi

Italiyaning Teramo shahri mezbonlik qilgan gandbol bo‘yicha U-18 yosh toifasidagi Jahon kubogi musobaqalari bo‘lib o‘tdi. 

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, xalqaro gandbol federatsiyasi taqvimiga kiruvchi, 47-marta o‘tkazilgan xalqaro «Interamnia» Jahon kubogida O‘zbekiston gandbol terma jamoasi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

Jahonning 32 mamlakatidan 122ta jamoa ishtirok etgan bahslarda Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati o‘quvchilaridan iborat terma jamoa yurtimiz sharafini himoya qildi. O‘yinlar 5ta yopiq va 9ta ochiq maydonlarda o‘tkazildi.

Ulug‘bek Ikromov shogirdlari 9ta jamoa ishtirok etgan guruh bosqichida Daniya (30:9), Chexiya (30:18),  Polsha (38:12), Vengriya (20:20), Fransiya (22:16), Germaniya (28:9), Italiya (22:15), Turkiya (34:15) kabi jamoalarga qarshi kurash olib bordi va ularning aksariyatini yirik hisoblarda mag‘lub etishning uddasidan chiqishdi. 

O‘zbekistonlik sportchilar ham Chexiya, Daniya va Vengriya qatorida chorak finalga chiqdi.

Gandbolchilarimiz yarim finalda vengriyaliklarni 28:18 hisobi bilan dog‘da qoldirib final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.

Hal qiluvchi bahsda O‘zbekiston vakillari Chexiya terma jamoasiga qarshi kechgan o‘yinda 25:26 hisobida mag‘lub bo‘lib, kumush medal bilan kifoyalanishdi.  

Mavzuga oid