Yurtimizda havo harorati keskin ko‘tarilib ketishi transport vositalari haydovchilarining harakat vaqtida quyosh nuridan himoyalanishga bo‘lgan zarurati va ehtiyojini har doimgidan-da ko‘proq oshirdi. Amaldagi qonunchilikka muvofiq avtomashina oynasini qoraytirish uchun belgilangan cheklov ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida faol muhokamalarga, aksariyat holatlarda jiddiy noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Dolzarb mavzuga aylangan ushbu masala bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikr va mulohazalar Kun.uz tahririyati tomonidan tahlil qilindi.

Ma'lumki, hukumatning 2018 yil 18 iyuldagi «Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq 2018 yil 1 avgustdan boshlab, jismoniy va yuridik shaxslarga tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan pulli asosda foydalanishga ruxsat berildi.

To‘lov esa 1 yil muddatga:

  • jismoniy shaxslar uchun — eng kam oylik ish haqining 90 baravari (18 245 700 so‘m);
  • yuridik shaxslar uchun — eng kam oylik ish haqining 120 baravari (24 327 600 so‘m);

O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun — eng kam oylik ish haqining 140 baravari (28 382 200 so‘m) miqdorida belgilandi.

Qarorni o‘qiy turib, uni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy ikki maqsadni ko‘rish mumkin.

Bular:

  • transport vositalari haydovchilari uchun qulay sharoitlar yaratish;
  • respublika hududiga tashrif buyuradigan turistlar uchun qulay sharoitlar yaratish.

Bejizga tonirovka uchun ruxsat berishning maqsadidan so‘z ochmadik. E'tibor bergan bo‘lsangiz, gap «transport vositalari haydovchilari» va «respublika hududiga tashrif buyuradigan turistlar»ga qulaylik yaratish haqida ketmoqda. Masalaning shu yerida qarordan ko‘zlangan maqsad ruxsatnoma berish uchun belgilangan miqdor bilan muvofiq kelmay qoladi.

Chunki, O‘zbekiston sharoitida hamma haydovchilar ham bir yil oynasi qoraytirilgan mashinada yurish uchun 2000 AQSh dollaridan ortiq mablag‘ni sarflab yuborishga qodir emas.