Londonning sobiq meri, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligining sobiq rahbari Boris Jonson Konservativlar partiyasi yetakchisi etib saylandi. U endi qirollik bosh vaziri Tereza Meyning o‘rnini egallaydi.
Boris Jonson o‘tgan yili Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi borasida Tereza Mey bilan kelisha olmay iste'foga chiqqandi. «Keskin Brekzit» tarafdori, yevroskeptik Jonson rasmiy London YeIni kelishuvlarsiz tark etishi haqida bir necha marta gapirgandi. Umuman olganda, Jonson o‘zining keskin, hattoki mojaroli bayonotlari bilan tanilgan. DW nashri Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri haqida ma'lumotlar berdi.
Iton va Oksford bitiruvchisi, mojaroli jurnalist
Boris Jonson Nyu-Yorkda tug‘ilgan. Uning ota-onasi inglizlar bo‘lib, ularning ajdodlari turk va ruslardir (bu haqda Jonsonning o‘zi aytgan). Unga Aleksander Boris de Pfeffel Jonson deb ism qo‘yishgan, ammo keyinchalik shunchaki Boris deb chaqira boshlashgan. Borisning otasi Stenli Jonson YeIdagi tuzilmalardan birida lavozimga tayinlangach, ularning oilasi Bryusselga ko‘chib o‘tgan.
Boris ko‘plab taniqli britan siyosatchilari o‘qigan yopiq Iton kollejida tahsil olgan. So‘ngra Oksfordda arxeologiyani o‘rgangan. Yangi bosh vazir bir necha tillarni, jumladan, fransuz va italyan tillarini biladi. Siyosatga kelguniga qadar u faoliyatini The Times nashrida jurnalistlikdan boshlagan. U bu yerdan tez orada bo‘shatilgan: Boris o‘zi to‘qigan gapni o‘zining cho‘qintirgan otasi, Oksforddagi tarix professori nomidan bergani aniqlangan.
Boris Jonson bir necha yildan so‘ng The Daily Telegraph gazetasining Bryusseldagi muxbiri bo‘lib ishlagan. Londonga qaytgach, sharhlovchi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. U muharrirlikda ham omadini sinab ko‘rgan va The Spectator gazetasini nashr qilgan.
Boris Jonsonning siyosiy faoliyati
Bo‘lajak bosh vazir 2001 yilda Oksfordshir grafligidan jamoat palatasiga deputat etib saylangan. U parlamentda Konservativ partiya nomidan ishtirok etgan. 2004 yilda madaniyat vaziri bo‘lgan, ammo ko‘p vaqt o‘tmay iste'foga chiqqan.
Jonson 2008 yilda London merligiga saylangan va ikki muddat merlik qilgan.















