
Hisobot davrida ayollarni ishga qabul qilishda gender nuqtai nazardan 274ta, ishdan bo‘shatishda 319ta, mehnatga haq to‘lashga oid 2 ming 59ta, xotin-qizlarning kamsitilishiga taalluqli 432ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. 39ta holatda ayollar majburiy mehnatning turli shakllariga jalb etilgani ayon bo‘lgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 24,7 ming nafar ayol, jumladan, ta'lim muassasalarini bitirgan qizlar, kichik yoshdagi bolali ayollar, yolg‘iz onalar hamda 14 yoshgacha va nogiron farzandlari bor ayollar maxsus zaxiralangan ish o‘rinlariga ishga joylashtirilgan.
Tadbirda aytilishicha, iqtisodiy faol aholi tarkibida ayollar ulushi 45,7 foizni tashkil etmoqda. Ayrim sohalarda ishlayotgan xodimlar tarkibida ayollarning ulushi yuqori. Masalan, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasida ularning ulushi 76,6 foiz, ta'lim sohasida 75,6 foizdan iborat, ya'ni 10 nafar xodimning 7 nafari xotin-qizlar hisoblanadi.











