Iqtisodiyot | 15:37 / 01.08.2019
21653
2 daqiqa o‘qiladi

Jamshid Qo‘chqorov nega elektr energiyasi iste'molida bazaviy norma kamaytirilayotganini aytdi

Foto: KUN.UZ

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Moliya vazirligi, Energetika vazirligi, "O‘ztransgaz" AJ va "O‘zbekenergo" AJ mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbirda bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov elektr energiyasi iste'moli bo‘yicha bazaviy norma nega kamaytirilayotganini izohlagan.

“Elektr energiyada 20 foiz, gazda 8-30 foizgacha yo‘qotish kuzatilyapti. O‘rtacha oila tomonidan 80-120 kVt/soat elektr energiyasi sarflanadi. Shu sababdan, 300 kVt/soatlik ijtimoiy norma miqdori kamaytirilmoqda. Elektr energiyasi iste'moli bo‘yicha bazaviy norma 250 kVt/soat bo‘ladi”, - dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika resurslariga narx va tariflarni bosqichma-bosqich o‘zgartirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 2019 yilning 1 yanvaridan Toshkent shahri Yunusobod tumanida eksperiment tariqasida elektr energiyasi iste'moliga bazaviy norma joriy qilindi.

O‘shanda elektr energiyasi iste'molining bazaviy normasi bir abonent uchun oyiga 300 kVt/soatni tashkil etdi. Shu bilan birga, aholi ko‘rsatilgan bazaviy norma doirasida belgilangan tarif bo‘yicha, bazaviy normadan ko‘p bo‘lganda esa - o‘rnatilgan tarifga 1,2 baravardan ortiq bo‘lmagan oshiriluvchi koeffitsiyent qo‘llangan holda to‘lovni amalga oshirishi lozim edi.

Endi elektr energiyasi iste'moli bazaviy normasi 250 kVt/soatni tashkil etadi. Bundan tashqari, aholi bazaviy normadan ortiq elektr energiyasi uchun belgilangan tarifga 1,5 baravardan ortiq bo‘lmagan oshiriluvchi koeffitsiyent qo‘llangan holda to‘lov amalga oshiradi.

Mavzuga oid