O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya ayni kunlarda Koreya Milliy Assambleyasi spikerining taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, Koreyaga tashrifning birinchi kunida O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi qator samarali uchrashuvlar o‘tkazdi.

Foto: Oliy Majlisi Senati axborot xizmati

Jumladan, Inchon shahrining meri Pak Nam Chun va “Inchon” erkin iqtisodiy zonasi komissari Li Von Jye ishtirokidagi uchrashuv tashrif dasturining dastlabkisi bo‘ldi. Uchrashuv davomida tomonlar Inchon shahri meriyasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli loyihalari va dasturlarini tayyorlash hamda targ‘ib qilishga intilayotgani ta'kidlandi.

Tashrif dasturi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasining Yashil o‘sish global instituti prezidenti Pan Gi Mun bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda ekologiya va iqlim masalalari bo‘yicha O‘zbekiston va Koreya hamkorligini muvofiqlashtirish, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Orol dengizi bilan bog‘liq dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslarini targ‘ib qilishni davom ettirish imkoniyatlari muhokama etildi.

Foto: Oliy Majlisi Senati axborot xizmati

Bunda asosiy e'tibor Yashil o‘sish global instituti ko‘rib chiqishi uchun topshirilgan loyihalarni amalga oshirishni boshlash maqsadida O‘zbekistonning keyingi rejalariga, shuningdek mazkur Institutning O‘zbekistondagi vakolatxonasini ochish imkoniyatlariga qaratildi.

Qayd etilishicha, Institut vakillarining O‘zbekistonda bevosita bo‘lishi ekologik sof texnologiyalar ishlab chiqish va joriy qilish, “yashil” iqtisodiyot prinsiplarini, ekologik toza, energiya va suv tejaydigan texnologiyalarni kompleks joriy etish, cho‘llanish va ekologik migratsiyaning oldini olish, shuningdek Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish maqsadida Yashil iqlim jamg‘armasining, shuningdek boshqa jamg‘armalarning moliyaviy mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha GGGI institutsional imkoniyatlarini oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Pan Gi Munni va uning jamoasini joriy yil 25 oktyabrda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e'lon qilish bo‘yicha BMT rahnamoligidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etishga taklif qildi.