Jahon | 16:48 / 18.08.2019
15880
4 daqiqa o‘qiladi

Jo‘shqin o‘sish, jiddiy inqirozlar, minglab bo‘shatishlar va yopilish xavfi. LEGO’ning qisqacha tarixi

Foto: AFP

Devid Roberson va Bill Brin «G‘ishtcha ketidan g‘ishtcha» kitobini yozgan bo‘lib, kitobda LEGO kompaniyasi tarixi haqida hikoya qilinadi. vc.ru ushbu kitobdan afsonaviy kompaniyaga oid 5ta faktni keltirdi.

1. LEGO so‘zi nimani anglatadi?

LEGO —daniyaliklar tilidagi «leg godt» so‘zlarining qisqartmasi bo‘lib, «yaxshi o‘ynang» degan ma'noni bildiradi. Bu nom kompaniya falsafasini ifodalaydi: «yaxshi o‘yin» bolalarga katta bo‘lganida kerak bo‘ladigan ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga yordam beradi».

LEGO o‘zining deyarli butun tarixi davomida sotuv hajmi o‘sishidan bahra olib kelgan. Kompaniya bir joyda to‘xtab qolmagan, muntazam ravishda rivojlanib, takomillashib borgan va yangi o‘yinchoqlar chiqargan. Ammo XX asr oxirida LEGO jiddiy qiyinchiliklarga duch keldi.

2. Jiddiy inqiroz

Eng jiddiy inqirozlardan biri 90-yillarda, LEGO kompaniyasining g‘ishtchalari uchun olingan patentning amal qilish muddati tugab qolganida yuz berdi. Ularning o‘yinchoqlaridan deyarli barcha nusxa ko‘chira boshladi. Buning ustiga, ular o‘zlari ishlab chiqargan g‘ishtchalarni kompaniyanikidan ancha arzon sotishdi. Inqirozning yana bir muhim sababi — yangi texnologik o‘yinchoqlar va komyuter o‘yinlarining yaratilishi hamda keng tarqalishi. Kompaniya 1998 yilni o‘z tarixida birinchi marta 48 million dollar miqdoridagi zarar bilan yakunladi. 1999 yilda mingdan ortiq xodimlarini bo‘shatishiga to‘g‘ri keldi.

3. LEGO yopilib ketishi mumkin edi

Zamon talabiga moslashish maqsadida LEGO yangi innovatsion yondashuvlarga qiziqib qoldi. Kompaniya innovatsiyalarga asoslangan o‘sish strategiyasini ishlab chiqdi. Ko‘plab yangiliklar kompaniyaga zarardan boshqa narsa keltirmadi, nazoratsiz innovatsion jarayon esa kompaniyani jiddiy inqiroz yoqasiga olib keldi. LEGO 2003 yilni o‘z tarixidagi eng katta zarar bilan yakunladi, savdolar o‘tgan yilgiga nisbatan 30 foizga tushib ketdi. Hattoki kompaniyani qismlarga bo‘lib sotish masalasi o‘rtaga chiqdi. 

4. Innovatsiyalarga e'tibor

Kompaniya inqirozdan chiqish davrida innovatsiyalar kiritish yo‘lidan voz kechmadi. Uning eng muvaffaqiyatli mahsulotlari — «Samoviy urushlar», «Harri Potter» va Bionicle o‘yinlarida to‘liq innovatsion g‘oyalardan foydalanildi. Kompaniya eng yaxshi mahsulotlarining eng katta imkoniyatlarini ishga solib, innovatsion g‘oyalarini rivojlantirdi.  

5. Haqiqat – odamlarda  

Kompaniya 1990-yillar oxirigacha o‘z intellektual mulki bilan bo‘lishmaydigan anchagina yopiq kompaniya bo‘lib kelgandi. Ammo inqiroz LEGO rahbariyatini ommaviy tafakkur ustunliklaridan foydalanishga majbur qildi. O‘z ishqibozlari bilan hamkorlik qilish muvaffaqiyatli bo‘ldi va kompaniya muxlislarga ishonish hamda o‘z ishlab chiqarish sirlarini ular bilan bo‘lishish kerak degan xulosaga keldi.

Mavzuga oid